Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Pochta aloqasi faoliyatida boshqaruv axborot tizimlarini kengroq joriy etish orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi
    03.08.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov joriy yilning 3-avgust kuni pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi bilan tanishish maqsadida Toshkent shahridagi 100-son pochta aloqa bo‘limiga bordi.

    Mazkur pochta aloqa bo‘limi Toshkent shahrining markazida joylashgan bo‘lib, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan rebrending o‘tkazilganda ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.

    AKT vaziri yangilangan 100-son pochta aloqa bo‘limining ish faoliyati bilan hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida joriy etilgan xizmatlar bilan tanishdi. Yangi tashkil etilgan bo‘lim bo‘ylab tanishuv o‘tkazildi va xizmat ko‘rsatish tartibi tushuntirildi.

    Birinchi navbatda, pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatishda eng muhim bo‘lgan, ya’ni pochta xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish, jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimi (Pochta logistika) amaliyotda qanday ishlayotganligi bilan tanishtirildi.

    Avtomatlashgan axborot tizimi ichki va xalqaro pochta jo‘natmalariga ishlov berishni avtomatlashtirish, real vaqt rejimida pochta jo‘natmalarining holatini to‘liq kuzatib borish, pochta jo‘natmalarining nazorat muddatlari bajarilishini monitoring qilish, yetkazib berishni tezlashtirish orqali xizmat ko‘rsatishning amaldagi muddatlarini qisqartiradi. Bundan tashqari, Umumjahon pochta ittifoqining IPS tizimi bilan integratsiyalash, har bir pochta aloqasi ob’ekti bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha barcha ma’lumotlarni yig‘ish, ushbu ma’lumotlarga asosan pochta aloqasi ob’ektlarining ish faoliyatini optimallashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. 

    Tashrif davomida, AKT vaziri Sh. Shermatov pochtalonlar nafaqat pochta jo‘natmalarini yetkazib berishda, balki QR-kodli chek berish orqali turli to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan mobil qurilma bilan tanishdi.

    Bundan tashqari, mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olish uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan kompleks (pochtamat)ning ishlash jarayoni ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur kompleks quyidagilarga imkoniyat beradi:

    – mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish;
    – ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish, shu jumladan, onlayn;
    – o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishni joriy etish;
    – yetkazib berishdagi xarajatlarni kamaytirish;
    – pochta jo‘natmalarini 24/7 vaqt davomida yetkazib berishni ta’minlash.

    Tashrif davomida gibrid pochta tizimi hamda “AVVAL” to‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalari bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimi orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan ham tanishildi.

    Manba: Axborot xizmati