eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Buхoro viloyatining olis hududlari optik tarmoq orqali yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanmoqda
    03.08.2022

    “O‘zbektelekom” AK Buxoro filiali tomonidan aholini zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida viloyatning olis hududlarida ham yuqori tezlikdagi internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati ortib bormoqda.

    Ahamiyatlisi, ushbu faoliyatlar samarasi viloyat va tuman markazlaridagina emas, balki olis qishloq hududlarida aks etmoqda. Jumladan, Kumushkent va Minglar qishloqlari Vobkent tumanidan 7 km uzoqlikda joylashgan. Mazkur qishloq hududlariga joriy yil boshida ham yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatini beruvchi optik tolali aloqa liniyalari tortib borilgan bo‘lib, yaqinda aholi talabidan kelib chiqib qishloq hududi bo‘ylab yana 1 km uzunlikdagi zamonaviy aloqa kabellari tortildi.

    Bundan tashqari, qishloqda internet tarmog‘iga ulanish istagini bildirgan aholi sonidan kelib chiqib, OLT qurulmasi ham o‘rnatildi va ayni kunda texnik ishlar yakuniga yetkazilgan. Shu bilan birga, talabgor iste’molchilarga zamonaviy GPON texnologiyasi asosida internet tarmog‘i ulab berildi.

    Aytish kerakki, ushbu faoliyatlar orqali Buxoro viloyatida aholining yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i va aloqa xizmatlariga bo‘lgan talablari qondirilish barobarida, viloyat hududida telekommunikatsiya xizmatlari jadal rivojlantirilmoqda.

    Vobkent tumanidagi Kumushkent va Minglar qishloqlarida bu borada yaratilgan imkoniyatlar zamonaviy telekommunikatsiya taraqqiyoti hudud tanlamasligini yana bir karra isbotlab berdi. Yaratilgan sharoitlardan esa qishloq aholisi mamnun.

    “Avvallari internet tarmog‘iga bo‘lgan ehtiyojimiz u qadar katta emasdi. Bugun vaziyat o‘zgargan, jamiyat taraqqiyoti bilan hamnafas bo‘lish uchun telekommunikatsiya xizmatlari zarur. Shu bois, soha xodimlariga murojaat qilgan edik xonadonimizga optik tolali aloqa kabeli orqali keluvchi yuqori tezlikdagi internet tarmog‘ini ulab berishdi. Xizmatlar sifati va tezlik shahardagidan qolishmaydi”, – deydi Minglar qishlog‘ida yashovchi Shavqiddin Gadoyev.

    Mazkur yo‘nalishdagi faoliyatlar “O‘zbektelekom” AK Buxoro filiali tomonidan viloyatning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda.

    Manba: Axborot xizmati