Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri “InnoWeek-2021” doirasida o‘tayotgan “ Sun’iy intellekt — texnologik rivojlanish asosi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
    24.11.2021

    Bugun, 24-noyabr kuni «InnoWeek-2021» Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida «Sun’iy intellekt — texnologik rivojlanish asosi» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

    Mazkur konferensiyada respublikamizda sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy qilish uchun yaratilgan texnologik sharoitlar hamda sun’iy intellekt sohasida ilmiy-texnik tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt texnologiyalarini sohalardagi muammolarning yechimiga qaratilgan masalalar muhokama etiladi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov tadbirda ma’ruza qilib, Respublikamizda Vazirlik tomonidan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida aytib o‘tdi.

    Joriy yilda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirishga qaratilgan ikkita maxsus qarorlar qabul qilingan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan 2021 yil 17-fevraldagi 4996-sonli “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va 26-avgust 5234-sonli “Sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha maxsus rejimni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlar. Mazkur qarorlar bilan kelgusi ikki yillikda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish borasida qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.

    Respublikada moliya, sog‘liqni saqlash, energetika hamda boshqa 12 ta ustuvor yo‘nalishlarda, sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlarni tahlil qilish uchun maxsus rejim yaratilib, ularga qulay sharoitlar va imtiyozlar berildi. Sunʼiy intellekt sohasidagi xalqaro standartlarni tahlil qilingan holda Oʼzbekiston Respublikasining davlat standartlari sifatida qabul qilish boʼyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

    Sunʼiy intellekt sohasida ilmiy ekotizimni shakllantirish doimiy ilmiy izlanishni talab qiladi. Shu bois Vazirlik tarkibida Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish departamenti va Vazirlik huzurida Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilindi hamda 15 ta ixtisoslashgan laboratoriyalar faoliyati yoʼlga qoʼyildi.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetining qo‘shma fakultetida sunʼiy intellekt yoʼnalishi boʼyicha bakalavriat taʼlim dasturi joriy etildi. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar talaba tahsil olmoqda.

    Bundan tashqari, 4 ta oliy oʼquv yurtlari negizida 130 dan ortiq sunʼiy intellekt sohasi mutaxassislarini oʼqitish boshlandi hamda 15 ta oliy oʼquv yurtlarida sunʼiy intellektni iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida, davlat boshqaruvi tizimida amaliy qoʼllanilishi boʼyicha kurslar va fanlar joriy etildi.

    Shuningdek, asosiy oliy oʼquv yurtlarida "Sunʼiy intellekt" yoʼnalishi boʼyicha kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich yoʼlga qoʼyilmoqda. 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab “Sunʼiy intellekt” yoʼnalishida kadrlar tayyorlash boʼyicha oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar tomonidan kvotalar ajratildi hamda talabalar oʼqishga qabul qilindi.

    “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt” nomli doktoranturaning alohida yoʼnalishini ochildi. 2022 yildan boshlab sunʼiy intellekt sohasida doktoranturaga 5 ta kvota va mustaqil tadqiqotchilar uchun maqsadli kvota ajratildi.

     Sunʼiy intellekt sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borayotgan yosh olimlarni qisqa muddatli xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborish boʼyicha “El-yurt umidi” jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan 30 ta kvota ajratildi hamda tanlov asosidan gʼoliblarni АQSh, Rossiya, Hindiston va Buyuk Britaniyadagi yetakchi xorijiy universitetlarga oʼqishga yuborildi.

    Mamlakatimizda hozirning oʼzida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʼyicha qishloq xoʼjaligi, bank, moliya, soliq, transport, energetika, sogʼliqni saqlash, farmatsevtika, davlat xizmatlarini koʼrsatish sohalarida jami 9 ta tajriba sinov loyihalari amalga oshirilmoqda.

    Sunʼiy intellektni joriy etishda ustuvor yoʼnalishlarga eʼtibor qaratish maqsadida mamlakatning yetakchi vazirliklari va korxonalaridan iborat Qoʼshma alyans tuzildi. Ushbu alьyans tomonidan keyingi ikki yil ichida qator dolzarb sohalarida sunʼiy intellektni joriy etish boʼyicha loyihalarni moliyalashtirishga eʼtibor qaratiladi.

    Bugungi kunda xorijiy ilgʼor tajribadan kelib chiqib hamda mamlakatimizdagi mavjud holatni keng tahlil qilgan holda “Oʼzbekiston Respublikasining 2022-2030 yillarda Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqilmoqda.

    Joriy yilning 10-12 noyabr kunlari Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasining yirik moliyaviy instituti - “Sberbank” tomonidan Artificial Intelligence Journey (Sunʼiy intellekt olamiga sayohat) xalqaro konferentsiyasi doirasida boʼlib oʼtgan tanlovning “Data Lady” maxsus nominatsiya yoʼnalishida Oʼzbekiston Respublikasining 5 nafar oʼquvchi-qizlaridan iborat “IT Queens” (IT malikalar) yosh dasturchilar jamoasi ishtirok etib, eng kuchli qizlar jamoasi deb topildi.

    “IT Queens” jamoasi tomonidan Sunʼiy intellekt texnologiyasidan foydalangan holda fotosuratda qiyofani qalbakilashtirish texnologiyasi (Deepfake) qoʼllanilganlikni aniqlash algoritmi taklif etilgan. Dasturchi qizlar tomonidan taklif etilgan algoritm asosida 12 mingdan ortiq fotosurat ichidan qalbakilarni aniqlash koʼrsatkichi 99 foizni tashkil etgan.

    Ushbu yutuq mamlakatimizda sunʼiy intellektni joriy etish va rivojlantirish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki yutuqlari debochasi boʼlib, iqtisodiyot tarmoqlarida ham joriy etish orqali birinchi navbatda ishlab chiqarish samaradorligi oshirish hamda tarmoqlar va sohalarni rivojlantirish samaradorligi ortadi.

     "Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʼyicha salohiyatimizni va saʼy-harakatlarimizni ishga solgan holda qoʼshma loyihalar va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirishda hamkorlikni yoʼlga qoʼyishimiz lozim", — deb taʼkidladi АKT vaziri Sh. Shermatov oʼz maʼruzalarida.

    Manba: Axborot xizmati