Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi butun O‘zbekiston aholisini Qurbon hayiti bilan tabriklaydi
    19.07.2021

    Muhtaram vatandoshlar!

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi barcha yurtdoshlarimizni insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik bayrami - Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etadi.

    Bugungi kunda butun jahonda kechayotgan murakkab vaziyat - pandemiya sharoitida odamlar ko‘nglini ko‘tarish, ular haqida g‘amxo‘rlik qilish, keksalarga, muhtojlarga e’tibor ko‘rsatish, muhtoj oilalarning ahvolidan boxabar bo‘lish  borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda hamda ibratli sa’y-harakatlar ko‘lami tobora kengayib borayotgani e’tiborlidir.

    Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil 13-iyul kuni “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi mamlakatimizda mehr-oqibat, saxovat, hamjihatlik, odamiylik muhiti yanada mustahkamlanayotganligi, mudom bardavom bo‘lib kelayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

    Bugun yurtimizda mazkur ayyomning xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, saxovat va hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini e’tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida odamlarning muborak ayyomni nishonlashi uchun yetarli imkoniyatlar yaratilmoqda.

    Qarorda bugungi og‘ir vaziyat - pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda oila davrasida bayramni nishonlash tavsiya qilindi, bu bilan o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini asrash, kasallikning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, mas’uliyat bilan yondashish kerakligi alohida qayd etilgan.   

    Barcha ezgu amallar ijobati xolis niyatlarimizga bog‘liqligini unutmagan holda, dinu diyonatimiz va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirsak, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga, albatta, yetamiz.

    Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat bo‘lsin!

    Muqaddas ayyom – Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

     

    Manba: Axborot xizmati