eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimidagi islohotlar
    17.07.2021

    Ta’lim berishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, samarali yondashuvlarni ishlab chiqish, ta’lim berishning ilg‘or uslublarini joriy etish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlodni jahon sivilizatsiyasi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish, salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlarini ta’minlash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

    Shu bilan birga, ta’limda axborot texnologiyalardan foydalanish, samarali dasturlarni ishlab chikish orqali yoshlarning o‘qish motivatsiyasini oshirishga, o‘quv vaqtini tejashga, tezroq tushunish va o‘zlashtirishga yordam beradi. Maktab o‘quvchilarini IT sohasi bilan tanishtirish - zamonaviy maktabda axborotlashtirish muammosini hal qilish va kasbiy tayyorgarlikni takomillashtirishga qo‘yilgan ilk qadamdir. 

    Bugungi kunda prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi 5 ta muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirofga loyiq.  Loyiha doirasida respublika bo‘yicha 146 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini foydalanishga topshirish orqali 292 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishga erishildi.

    Ushbu markazlarda kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, axborot texnologiyalari sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 33 ming nafardan ortiq tinglovchilar malakasini oshirdi.

    Hududlar kesimida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida taxsil olganlar bo‘yicha Jizzax viloyati, Namangan viloyati va Xorazm viloyati yetakchilik qilib kelmoqda.

    Hozirgi kunda “Bir million dasturchi” loyiha doirasida 459 ming nafardan ortiq foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 244 ming nafardan ortiq ishtirokchi sertifikatini hamda 175 ming nafardan ortig‘i bitiruvchi sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.

    Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati (79 ming nafardan ortiq), Samarqand viloyati (50 ming nafardan ortiq) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (43 ming nafardan) yetakchilik qilib kelmoqda.

    Viloyat markazlarida mavjud umumta’lim maktablari negizida 14 ta informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etilgan va 800 dan ortiq o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilindi.

    Joriy yil 21-iyun kuni ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari o‘rtasida IT-olimpiadasi tashkil etilib, 770 nafar o‘quvchilari sport dasturlash, Computer Science, IT-Beshkurash yo‘nalishlar bo‘yicha qatnashib g‘oliblarini munosib taqdirlandi.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida 19 mingga yaqin talaba taxsil olmoqda. 2021-2022 o‘quv yilidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali tashkil etilib qo‘shimcha ravishda har yili 250 nafar oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

    2021-2022 o‘quv yilidan Professional ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan 11 ta Texnikum tashkil etilib, jami texnikumlar soni 14 taga yetkaziladi. Tashkil etiladigan texnikumlarda o‘rtacha 350 nafarga yaqin (jami 4 000 nafar) o‘quvchi tahsil olishi nazarda tutilgan.

    Shu bilan birga, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro IT sertifikatlarga ega yoshlarni o‘qishi hamda ularning xalqaro IT sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlandi hamda xalqaro IT sertifikatga ega mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “O‘zbekistonning IT-iste’dodlari” portaliga joylashtiriladi.

     

     

    Manba: Axborot xizmati