“Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021-yil 1-iyundan boshlab yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Shu bilan birga xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarni o‘qishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, talabgorlar “O‘zbekistonning IT-iste’dodlari” portalida elektron ariza berib bepul ro‘yxatdan o‘tadi.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi Ishchi organ sifatida talabgorning arizasini zarur hujjatlari bilan birga 5 ish kunida ko‘rib chiqadi hamda taqdim qilingan xalqaro IT-sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazadi.
16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab berilishini so‘rab ushbu fuqarolarning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin.
Muqaddam xalqaro IT-sertifikatlarning bir turi bo‘yicha xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplangan talabgor xalqaro IT-sertifikatlarning boshqa turi bo‘yicha minimal ko‘rsatkich yoki undan yuqori natija qayd etsa, unga xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha bo‘lgan qismi to‘lab beriladi.
Xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lmasdan turib talabgorning xalqaro IT-sertifikati olish uchun o‘quv kursiga to‘lagan xarajatlari qoplanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Manba: Axborot xizmati