Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Elektron hukumat loyihalari samarali natija bermoqda
    18.05.2021

    Bugun texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizning har bir jabhasiga kirib bordi. Hozirda har bir mamlakatning rivojlanishi va uning raqobatbardoshligi zamonaviy raqamli texnologiyalarning davlat va jamiyat hayotining barcha sohalariga qay darajada joriy etilganiga bogʻliq boʻlmoqda. Buni isboti sifatida bir yildan ortiq vaqtda davom etayotgan pandemiya sharoitida raqamli texnologiyalar qanchalik muhim va zarurligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.

    Shuning uchun, yana bir muhim hujjat – “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi (2020 yil 5 oktyabrdagi PF-6079). Mazkur Strategiya doirasida hududlarni va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari belgilab berildi, maqsadli koʻrsatkichlar, elektron davlat xizmatlari va ularning toʻlov mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi.

    Ushbu qarorlar doirasida “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” tashkil etildi. Markaz tomonidan bugungi kunda elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish borasida samarali ishlar qilinmoqda.

    Elektron hukumatni keng joriy qilishda asosiy masalalardan biri oson, qulay va xavfsiz identifikatsiya hisoblanib, hozirda Elektron hukumat foydalanuvchilarini identifikatsiya qilishning amaldagi axborot tizimidagi mavjud kamchiliklar, kuzatilayotgan uzilishlar bartaraf qilindi hamda qulay va sodda roʻyxatdan oʻtish imkoniyatini yaratish maqsadida tizimning yangi talqini ishlab chiqilib, ishga tushirildi (www.id.egov.uz). Eski tizimda roʻyxatdan oʻtgan aktiv foydalanuvchilar maʼlumotlari yangi tizimga avtomatik migratsiya qilindi.

    Tizimning ishga tushishiga qisqa vaqt boʻlganiga qaramasdan, bugungi kunda uning foydalanuvchilari soni 220 mingtaga ortib, 820 mingtaga yetdi.

    Davlat organlarida elektron hukumatning joriy etilgan va joriy etilayotgan axborot tizimlari hisobini yuritish va monitoringini olib borish, shuningdek, loyiha-texnik hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonini elektron shaklga oʻtkazish imkoniyatini yaratish maqsadida Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirildi (www.reestr.uz).

    Elektron hukumatning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registri (www.cs.egov.uz) axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi – elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat idoralari axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi doirasida yagona talablarga muvofiq zamonaviy maʼlumotnomalar va tasniflagichlarni shakllantirish, saqlash, yangilash va taʼminlashdan iborat. Bugungi kunga kelib Registrda 13 ta tashkilot tomonidan 41 ta klassifikator kiritilgan.

    Maʼlumotning “qimmatliligi” – uning dolzarbligi bilan oʻlchanadi. Bu borada bugungi kunda Davlat statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilmoqda. Ushbu yangilangan portal davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasini nazarda tutadi va maʼlumotlarni oʻz vaqtida yangilashning monitoring tizimini taʼminlaydi.

    Bugungi kunga qadar joriy portalda 149 ta davlat idoralari tomonidan 11 mingdan ortiq maʼlumotlar toʻplami joylashtirilgan boʻlib, ulardan foydalanishlar soni 7,5 mln.dan ortiq.

    Kelgusida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan Yagona portalda davlat bojlarini va davlat organlari tomonidan solingan jarimalarni va boshqa toʻlovlarni tegishli bank va boshqa toʻlov tizimlari orqali onlayn tarzda toʻlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi alohida platforma ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan hamda elektron hukumat infratuzilmasini yaratish ishlarini sifatli va samarali davom ettirish, shu jumladan aholiga koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatlari koʻlamini va ularning samaradorligini oshirish maqsadida idoralararo integratsion platforma tizimini takomillashtirish borasida ishlar amalga oshiriladi.

    Shu bilan birga, Davlat xizmatlari va boshqa elektron hukumat axborot tizimlari xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlanadigan davlat boji va yigʻimlar miqdorini hisobga olishning yagona billing tizimini takomillashtirish va tegishli tashkilotlar axborot tizimlari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilish va Oʻzbekiston Respublikasi ochiq maʼlumotlar portalining yangi talqinini ishlab chiqish va u orqali yangi maʼlumotlarni qoʻshishga onlayn soʻrov yuborish, integratsiyalash va maxsus veb-servislar orqali maʼlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri yuklab olish imkoniyati yaratilishi koʻzda tutilgan.

     

    Manba: Axborot xizmati