Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Samarqand viloyatida 3,7 ming kmdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi, tumanlarda 5 ta o‘quv markazi hamda 7 ta ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi
    20.04.2021

    Yangilanayotgan O‘zbekiston o‘z oldiga bugun shunchaki rivojlanishni emas, balki jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida eng kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olishni asosiy marra qilib qo‘ygan. Bu borada, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi yillarda xududlarda ham bir qator kompleks ishlar olib borildi.

    Ayniqsa, Prezidentimizning Samarqand viloyatiga joriy yilning 15-16 aprel kunlari qilgan tashrifidan so‘ng Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov boshchiligida ishchi guruh tomonidan Samarqan viloyatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilanib, sohaning har bir yo‘nalishi joyida o‘rganilib vazifalar belgilanmoqda.

    Sohaning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, Samarqand viloyatida telekommunikatsiya infratuzilmasini va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha 2021 yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olinmoqda.

    Birinchi navbatda, 3,7 ming kmdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 134,1 ming raqamli qurilmalar o‘rnatiladi.

    125 ta qo‘shimcha mobil aloqa tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish va 156 ta mavjud tayanch baza stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali hududda mobil Internet qamrovi darajasi 82 foizga yetkaziladi.

    Mahalla fuqarolar yig‘inlarining barchasida 1 ming 100 ta (100 foiz) yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

    Ikkinchi navbatda, pochta aloqasi sohasini isloh qilish doirasida Paxtachi, Payariq va Qo‘shrabot tumanlaridagi pochta aloqa bog‘lamalari raqamli transformatsiya qilinadi va ularda 15 turdagi elektron hukumat va bank xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

    Uchinchi navbatda, viloyatda IT sohasida yoshlarga sharoit yaratish, kadrlar malakasini oshirish va mutaxassislarni tayyorlash maqsadida, Qo‘shrabot, Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlarida “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari” tashkil qilinadi.

    To‘rtinchi navbatda, tumanlar hokimliklari bilan birgalikda Jomboy, Qo‘shrabot, Narpay, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlarida informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi.

    Ushbu belgilangan vazifalar Samarqand viloyatida axborot texnologiyalarni joriy qilish sohasida asosiy poydevor vazifasini bajaradi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Samarqand viloyatidagi soha obyektlariga ham borib joyida vazifalar belgilamoqda.

    Samarqand viloyatida 2021 yilning birinchi choragida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 3,6 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalar o‘rnatilib, umumiy sig‘imi 296 mingga yetkazildi. Shuningdek, 2 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 10,1 ming kilometrga yetkazildi.

    Ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini kengaytirish maqsadida telekommunikatsiya transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazi darajasida 400 Gbit/sekundga oshirildi.

    Viloyatdagi 1 ming 100 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 752 tasida optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida joriy yilda 46 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatildi va modernizatsiya qilindi. Natijada hududdagi aholi maskanlarida mobil aloqa qamrovi 99,3 foiz hamda tezkor mobil internet qamrovi 79,2 foizga yetdi. Hozirgi kunda mobil aloqa stansiyalarining umumiy soni 4 ming113 tani va mobil abonentlar soni 2,39 million nafarni tashkil etmoqda. Viloyat bo‘yicha aholi yashash maskanlari 100 foiz raqamli televideniye signallari bilan qamrab olingan.

    Bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 212 ta pochta aloqa bo‘limlari aholiga pochta aloqa xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali tomonidan 2020 yilda jami 10,3 milliard so‘mlik pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatildi. Aholiga interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida “O‘zbekiston pochtasi” AJning 23 ta aloqa bo‘limlarida 15 turdagi elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.Shuningdek, 15 ta pochta aloqa bo‘limlarida autsorsing asosida bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

    “Besh muhim tashabbus” jumladan, 3-tashabbus doirasida viloyatning 11 ta shahar va tumanlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Mazkur o‘quv markazlarida joriy yilning o‘tgan davrida 978 nafar yoshlar o‘qishga jalb qilinib, 386 nafari o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi. Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 155 nafar yoshlar va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 76 nafar xotin-qizlar o‘qitildi. Shu bilan birga viloyatdagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan 1ming 331 ta raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi to‘garaklarga 38 ming 358 nafar o‘quvchi - yoshlar jalb etildi.

    “Bir million dasturchi” loyiha doirasida viloyatda hozirga qadar 19 ming 737 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 4 ming 935 nafari bitiruvchi sertifikatini oldi.

    Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida inkubatsiya markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Markaz IT-Park bilan hamkorlikda tashkil etildi. Markazda filial o‘qituvchilari ham o‘z loyihalar taqdimotini o‘tkazishdi. AKT vaziri oliy ta’lim muasasasi professor xodimlari bilan suhbatlashdi, ularning ilmiy izlanishlari haqida surishtirdi. Ishchi guruh a’zolari filial data markazi, kompyuter sinfxonasini ko‘zdan kechirishdi.

    – Ilmiy daraja olish har bir yosh xodim uchun juda zarur, – dedi markaz ochilish marosimida ishtirok etayotgan AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. – Ilmli ustozgina yoshlarni orqasidan ergashtira oladi. Bunday Inkubatsiya markazi oliy o‘quv yurti o‘qituvchi va talaba yoshlarining innovatsion g‘oyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Albatta, ilmiy izlanishni, ixtirochilikni rag‘batlantirib borishdan aslo charchamaymiz.

    Shu bilan birga, ishchi guruh Samarqand viloyatidagi “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUKning Samarqand radioteleuzatish markazida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bugungi kunda markazning 90 nafardan ziyod xodimi Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Cho‘ponota, Taxtaqoracha, Jizzax, Qo‘ytosh RTS va tog‘li hududlardagi 81 ta kam quvvatli radioteleuzatish stansiyalariga xizmat ko‘rsatadi.Uchrashuv davomida markaz mutaxassislari qilingan ishlar va kelgusi vazifalar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazishdi.

    Samarqand viloyati bo‘ylab xizmat safari davomida AKT vaziri bilan Samarqand shahridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning hududiy filialida faoliyat olib borayotgan yoshlar orasida ochiq muloqot tashkil qilindi.

    Vazir boshchiligidagi ishchi guruh faoliyatini davom ettirmoqda.

     

    Manba: Axborot xizmati