Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish doirasida olib borilayotgan ishlar boʻyicha brifing bo‘lib o‘tdi
    01.04.2021

    Bugun 1-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

    Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan koʻtarilgan savol va murojaatlar boʻyicha soʻz olib borilib, ular yuzasidan toʻliq javoblar berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 14-dekabrda “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandan keyin, oz fursatlar ichida aholiga qulaylik yaratish hamda koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 9 ta pochta aloqasi bogʻlamasi va 20 ta pochta aloqasi boʻlimlari faoliyati qayta yoʻlga qoʻyildi, va 70 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Maʼlumot uchun: Hozirgi kunda “Oʻzbekiston pochtasi” AJda 14 ta hududiy va 4 ta ixtisoslashgan filiallar, 162 ta pochta aloqasi bogʻlamalari, 1 786 ta (shu jumladan qishloq joylardagi aloqa boʻlimlari 1 338 ta) pochta aloqasi boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda.

    Moddiy-texnik baʼzani yaxshilash maqsadida pochtalonlar elektroskuterdan foydalanilgan holda “bogʻlama-mijoz” sxemasi asosida pochta va kuryerlik joʻnatmalarni, davriy matbuot nashrlarni va boshqa joʻnatmalarni markazdagi pochta saralash boʻlimidan olib, manzilgacha yetkazib berish (bunda aloqa boʻlimlari pochta joʻnatmalarini yetkazib berish faoliyati bilan shugʻullanmaydi) amaliyotini joriy etish maqsadida 90 ta elektroskuter sotib olindi va ish joylariga berildi.

    Bundan tashqari, pochta almashinuvlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan avtotransport parkini yangilash maqsadida 27 ta “Damas” rusumli avtotransport vositasi sotib olindi va ish joylariga foydalanish uchun berildi (bugungi kunda jami 388 ta avtotransport vositalari mavjud).

    “Gibrid pochta” xizmatidan foydalanish boʻyicha 40 tadan ortiq tashkilotlar bilan shartnomalar tuzildi (2020 yil 1-yarim yilligida 8 ta tashkilot foydalanib kelgan).

    - 51 ta pochta aloqasi boʻlimigacha 42,6 km optik tolali aloqa liniyalari tortildi.

    Pochta aloqasining anʼanaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, joʻnatmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish maqsadida, “Pochta xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi” ishlab chiqilmoqda.

    Pochta aloqasi obyektlarida bank xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan AT “Aloqabank” bilan oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolandi hamda 2021 yil 1-fevraldan boshlab, 357 tadan ortiq pochta aloqasi obyektlarida bank kartalarini pul mablagʻlari bilan toʻldirish va naqd pul yechish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.

    - 110 ta pochta aloqasi obyektlarining binosini davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy koʻrinishga keltirish yuzasidan roʻyxatlar shakllantirildi.

    - 140 ta pochta aloqasi obyektlarining binosini zamonaviy koʻrinishga keltirish yuzasidan taʼmirlash va qayta qurish ishlari boshlangan.

    Bundan tashqari yengil konstruksiyadan iborat boʻlgan 19 ta aloqa boʻlimlari aholiga qulay boʻlgan hududlarga joylashtirildi va bugungi kunda pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda (Surxondaryo viloyatida  11 ta, Navoiy viloyatida 7 ta va Sirdaryo viloyatida 1 ta).

    Pochta aloqasi obyektlarida yangi xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilganligi munosabati bilan AT “Aloqabank”, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki” bilan hamkorlikda tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlarida jami 1 945 nafardan ortiq pochta xodimlari ishtirok etib, malakasi oshirildi.

     

    Ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan savollar va murojaatlar:

     

    1. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlayotgan Fargʻona viloyati Rishton tuman pochta aloqasi bogʻlamasi binosidagi sharoit ayanchli ahvolda ekanligi sabab boʻldi. Bunday holatga kelishiga nima sabab va bu muammo qanday hal etiladi?

    Haqiqatdan ham, Rishton pochta aloqa bogʻlamasi 2019 yilning may oyiga qadar zamonaviy koʻrinishga ega boʻlgan 3 qavatli binoda faoliyat yuritib kelgan. Biroq Fargʻona viloyati va Rishton tuman hokimliklarining mutasaddi xodimlari tomonidan hech qanday ogohlantirishsiz binoning bir qavatli qismi va uch qavatli binosining yarmini 1 kunda buzib tashlangan.

    Shundan soʻng pochta xodimlari videotasvirda aks etgan binoga vaqtinchalik faoliyat yuritib turishlari uchun koʻchirilgan. Bino nafaqat ishchi-xodimlar uchun balki aholi uchun ham turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

    Bu boʻyicha “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tomonidan Iqtisodiy sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilinib, Sudning “Hal qiluv qarori”ga asosan “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati foydasiga tuman hokimligi hisobidan 1,3 mlrd.soʻm moddiy zararni undirish boʻyicha qarori qabul qilingan.

    Shundan koʻrinib turibdiki, mahalliy hokimiyat rahbarlarning sovuqqonligi bois “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatiga moddiy va maʼnaviy zarar yetmoqda. Rishton tumani pochta aloqasi bogʻlamasida ish faoliyatini yuritib kelayotgan xodimlar oʻzlari istamagan holda noqulay sharoitda oʻz xizmat faoliyatlarini koʻrsatib kelmoqdalar. Masalaning asl mohiyati keng tahlil qilinmasdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

    Rishton tumani hokimligi tomonidan yetkazilgan zararlar undirilishi bilan Rishton tumani pochta aloqasi bogʻlamasi uchun yangi bino sotib olish boʻyicha tashkiliy ishlar olib boriladi.

     

    2. Biz yashayotgan olis va chekka hududlar Davlat xizmatlari markazi va filiallaridan ancha olisda joylashgan. Biroq bu yerda pochta aloqasi obyekti mavjud. Pochta aloqasi obyektlarida ham davlat xizmatlarini tashkil etib aholiga qulay sharoit yaratsa boʻladimi?

    Haqiqatda bu masala juda dolzarb hisoblanadi. Shu sababli ham olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi obyektlarida autsorsing asosida davlat xizmatlari tashkil etib kelinmoqda.

    Shundan kelib chiqib, olis va chekka hududlardagi 513 ta pochta aloqa obyektlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanilgan holda 17 turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda, Namanganda 94 ta, Qoraqalpogʻistonda 82 ta, Buxoroda 75 ta, Xorazmda 41 ta, Jizzaxda 39 ta, Fargʻonada 39 ta, Andijonda 38 ta, Navoiyda 35 ta, Samarqandda 21 ta, Qashqadaryoda 18 ta, Sirdaryoda 16 ta, Toshkent viloyatida 9 ta, Surxondaryoda 6 ta pochta aloqalarida tashkil etilgan.

    Shu kunga qadar pochta aloqasi obyektlari orqali aholiga jami 2 871 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

    Avval aholi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun uzoq yaʼni 30 kmdan 100 kmgacha masofa bosib oʻtib, tuman markaziga kelishga majbur boʻlgan boʻlsa, endilikda oʻz hududidagi pochta aloqa boʻlimiga borib, uzoq masofa bosib oʻtmasdan Davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda. Misol uchun aytishim mumkinki, Navoiy viloyati Nurota tumani markazidan “Qizilcha” pochta aloqa boʻlimi 80 km uzoqlikda joylashgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani markazidan “Ulugʻbek” pochta aloqa boʻlimi 106 km uzoqlikda joylashgan. Bundan koʻrinib turibdiki, Markazgacha yetib kelish uchun, bu yerda yashovchi aholiga koʻp vaqt talab etiladi. Yoʻl xarajatlari ham hisoblanadi. Bu albatta aholi uchun qulay imkoniyatdir. Bunday imkoniyatlar 2021 yilda keng koʻlamda olib boriladi.

     

    3. Joʻnatgan pochta joʻnatmalarimni qayerda ekanligini onlayn kuzatib borolmayman, Prezident qarorida shu masalani yoʻlga qoʻyish aytib oʻtilgandi. Bu boʻyicha nima ishlar qilinmoqda?

    Haqiqatda, bugungi kunda pochta joʻnatmalarini onlayn kuzatib borishning barcha bosqichlari toʻliq avtomatlashtirilmagan. Bu hozirda eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Hozirda pochta joʻnatmalarini onlayn kuzatib borishning barcha bosqichlarini toʻliq avtomatlashtirilgan yangi tizim ishlab chiqilmoqda, ushbu tizim joriy yilning iyul-avgust oylarida ishga tushirish rejalashtirilgan.

     

    4. Biz kommunal toʻlovlarni pochtaga borib toʻlab kelamiz, toʻlovlarni qabul qilishda yaʼni toʻlovlarni toʻlashda qanaqa oʻzgarishlar boʻladi?

    Bugungi kundagi pochta aloqasi billing tizimi maʼnan eskirgan boʻlib, toʻlovlarni onlayn qabul qilishda bir muncha noqulayliklar keltirib chiqarmoqda, shu sababli toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha yangi tizimi va mobil ilovasi ishlab chiqilmoqda, ushbu tizim joriy yil may oyida ishga tushiriladi, buning natijasida toʻlovlarni nafaqat pochta aloqa boʻlimiga borib toʻlash, balki pochta xodimlari sizning uyingizga kelib toʻlovlarni onlayn rejimda qabul qilish imkoniyati yaratiladi.

     

    5. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot bersangiz?

    Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi “UNISAVDO” brendi ostida Milliy onlayn savdo maydonchasi 2021 yil fevral oyidan sinov tariqasida va mart oyidan boshlab toʻliq ishga tushirildi.

    Bugungi kunda, ushbu “UNISAVDO” Milliy onlayn savdo maydonchasiga tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni joylashtirish boʻyicha 300 ta tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilib, 4 000 ga yaqin mahsulotlar joylashtirildi.

    Internet-savdo maydonchalari egalariga oʻz mahsulotlarini saqlash, yaʼni omborxona muammosini hal etish hamda internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning oʻzida tez fursatlarda qadoqlanib, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beradigan 4 ta logistika markazlarini 2021 yil yakuniga qadar Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urganch shahrida tashkil etish belgilab olindi.

    Pochta aloqasi obyektlari orqali toʻlovlarni onlayn rejimda qabul qilishning avtomatlashtirilgan tizimi va uning mobil ilovasi yaratilib, bugungi kunda ushbu tizim orqali toʻlovlar sinov tariqasida qabul qilinmoqda, shu jumladan “UNISAVDO” Milliy onlayn savdo maydonchasi orqali yetkazib berilgan tovarlar uchun toʻlovlarni joyida qabul qilishda foydalanilmoqda.

    * * *

    Hozirgi kunda Axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha eng koʻp berilayotgan savollar va murojaatlar shulardan iborat.

    Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha beriladigan barcha savollar uchun vazirligimizning tun-u kun 24 soat ishlaydigan qisqa raqamli 1199 ishonch raqami ishlab turibdi, murojaat qilishlaringiz mumkin!

     

    Manba: Axborot xizmati