Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risida masalalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi
    04.01.2021

    Bugun 4-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risida masalalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

    Brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi  Matbuot kotibi Sherzod Axmatov tomonidan ushbu masala yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumotlar taqdim etildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” 778-sonli qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi xududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 828-son qarori qabul qilindi.

    Ushbu qaror mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi ishga tushirilganidan so‘ng fuqaro va tadbirkorlardan kelib tushgan murojaat va takliflardan kelib chiqqan holda iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish, telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda tizimni takomillashtirish va qulayliklar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

    Qaror loyihasi ishlab chiqilishida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, boshqa taaluqli idoralar takliflari inobatga olinib kelishildi.

    Ushbu qarorga asosan mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019 yil 1 noyabrgacha avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan va bazaga kiritilgan bo‘lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so‘ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

    • mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;

    • IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);

    • Nizomga muvofiq anketa taqdim etish.

     

    Ma’lumot uchun:

    Tizimni joriy etishning birinchi bosqichida, ya’ni 2019 yil 1 apreldan 1 noyabrga qadar 36,2 mln. IMEI kodlar tizimda avtomatik tarzda bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

    Ikkinchi bosqichda (2019 yil 1 noyabrdan 1 dekabrgacha) esa 2,8 mln IMEI kodlar tizim operatoriga murojaat qilish orqali bepul asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

    2019 yil 1 dekabrdan mobil qurilmalarning IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshirilib kelinmoqda.

     

    Agar 2019 yil 1 noyabrdan keyin arizaga asosan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, jarayon 3 soat ish vaqtida to‘lov asosida amalga oshiriladi.

    Shuningdek, respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.

    Xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosiga murojaat qiladi. Bunda diplomatik vakolatxonalar tomonidan mobil qurilmalar diplomatik pochta orqali olinmagan taqdirda arizaga bojxona yuk deklaratsiyasi yoki bojxona kirim orderi taqdim etiladi.

    Tizim operatori Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida to‘lov asosida amalga oshiradi.

    Sud qaroriga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.

    Shunga ko‘ra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ro‘yxatdan o‘tkazadi.

    Tizim operatori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi o‘rtasida sud qaroriga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilgan mobil qurilmalar bo‘yicha elektron axborot almashinuvi amalga oshiriladi.

    Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qurilma ishlab chiqarish uchun tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

    O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet davlat fuqarosi va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga olinadi.

    Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

    Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yo‘li bilan, shuningdek, tizim operatorining sayti orqali, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo‘lgan konvert va jo‘natma oluvchining pasportini ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi.

    Jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga olish uchun ko‘rsatilgan mobil qurilmalar olib kirilgan, shu jumladan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali keltirilgan mobil qurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmasligi lozim.

    Bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiqcha qismi bo‘yicha bojxona to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi bojxona kirim orderi (keyingi o‘rinlarda – BKO) taqdim etilishi kerak.

    Jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (sana, usul va boshqa) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va pasport ma’lumotlarini qayd etilgan holda tekshiriladi.

    Xalqaro pochta jo‘natmalari ma’lumotlari tekshiruvi “O‘zbekiston pochtasi” AJ, kurerlik jo‘natmalari va BKO bo‘yicha ma’lumotlari tekshiruvi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan elektron axborot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.

    Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

     

    Manba: Axborot xizmati