eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Pochta aloqasi tizimini takomillashtirish va telekommunikatsiya yo‘nalishidagi islohotlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tdi
    15.12.2020

    Bugun 15 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Pochta aloqasi tizimini takomillashtirish va telekommunikatsiya yo‘nalishidagi islohotlar to‘g‘risida” brifing bo‘lib o‘tdi

     Brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi  Matbuot kotibi Sherzod Axmatov olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumotlar taqdim etildi.

    2020 yil 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

    Hammamizga ma’lumki, pochta aloqasi tizimi bugungi kunda mamlakat hududlarida xat va pochta jo‘natmalari bilan bir qatorda tovarlarni yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lgan muhim soha hisoblanadi.

    Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, bugungi kunda Milliy operator tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi natijasida,bir qator kamchiliklar va yechilishi kutilayotgan muammolar yig‘ilib qolgan edi. Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida past o‘rinlarni egallagandi.

    Ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish orqali pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish maqsadida Prezidentimizning ushbu qarori qabul qilindi.

    Qarorda birinchi navbatda, pochta va kurerlik xizmatlarini taqdim etish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “yakuniy manzil” xizmatini joriy etish, pochta aloqasining an’anaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, jo‘natmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish belgilandi. Aholi, biznes va davlat idoralariga zamonaviy xizmatlarni taqdim etish va “Gibrid pochta” jo‘natmalarini qabul qilish va yetkazib berish xizmatlari sonini 2 barobarga oshirish belgilandi.

    Ikkinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi elektron savdo maydonchasi axborot tizimini yaratish,logistika markazlarini tashkil etish, tovarlarni saqlash va yetkazib berishni o‘z ichiga olgan xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish belgilandi.

    Uchinchi navbatda, pochta aloqasi ob’ektlari orqali to‘lovlarni onlayn rejimda qabul qilish respublikaning kamida 1 000 ta pochta bo‘limida, chekka hududlarda moliyaviy xizmatlar turlarini, xususan, aholidan to‘lovlar qabul qilishni ikki barobarga kengaytirish hamda autsorsing asosida bank xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

    Ushbu Qarorda yana bir muhim jihati shundan iborat bo‘ldiki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 3 tadan “namunaviy tumanlar” tanlab olinib, ularda pochta aloqasi bo‘limlarini transformatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

    Tanlangan 42 ta tumanlarning har biri bo‘yicha alohida yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.

    Jumladan pochta binolarini qayta qurish va ta’mirlash bo‘yicha 267 ta, 110 ta binoni davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘rinishda qayta qurish bo‘yicha kelishuvga erishish, 326 ta pochta aloqasi bo‘limigacha 754 kilometr optik tolali aloqa liniyalarini tortish;

    250 ta pochta aloqasi bo‘limini zamonaviy kompyuter texnikasi va mobil qurilmalar bilan ta’minlash;

    42 ta tuman pochta aloqasi bog‘lamasida “Gibrid pochta” jo‘natmalarini chop etish va unga ishlov bergan holda oluvchilarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish;

    230 ta pochta aloqasi bo‘limida bank xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

    • 55 ta qo‘shimcha pochta aloqasi bo‘limini ochish hisobidan 145 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

    2021 yil 1 fevralga qadar Milliy operatorning onlayn savdo maydonchasi ishga tushiriladi. Bu tizim orqali har bir hududdagi tadbirkor ishlab chiqargan mahsulotini respublika bo‘yicha savdoga olib chiqishi va ularni manzilga yetkazib berishi imkonini yaratadi.

    2021 yil 1 iyulga qadar pochta jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan tizim ishga tushadi.

    2021 yil 1 mayga qadar tijorat banklari bilan birgalikda bank plastik kartalariga pochta aloqasi bo‘limlari orqali to‘liq xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.

    2021 yil 1 iyulga qadar pochta tarmoqlari orqali autsorsing asosida tijorat banklari nomidan jismoniy shaxslarga kredit berish to‘g‘risida arizalarni qabul qilish, kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish, yuridik shaxslar kunlik savdo tushumini qabul qilish kabi bank xizmatlari ko‘rsatishni joriy qilinadi.

    2021 yil yakuniga qadar internet-do‘konlari tovarlarini saqlash va yetkazib berish xizmatlarini o‘z ichiga olgan 4 ta logistika markaz ish boshlashi rejalashtirilmoqda.

    2021 yil 1 apreldan boshlab olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’ektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi.

    Amalga oshiriladigan ushbu ishlar aholimizning pochta aloqalaridan yanada kengroq foydalanishiga imkoniyat yaratadi.

    Shu yerda yana bir muhim ma’lumotga to‘xtalib o‘tsam, bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko‘tarilib turadigan masalalardan biri aholini tezkor, sifatli va arzon internet bilan ta’minlash masalalaridir. Shundan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishda Vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tsam, 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.

    Aholini sifatli internet bilan ta’minlash uchun 2020 yildi “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida rejalashtirilgan ob’ektlarga qadar 19 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi.

    Mobil aloqa tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 11 oyida 4,5 mingta baza stansiyalari qurilib ishga tushirildi va 3 mingta baza stansiyalar modernizatsiya qilindi. Natijada respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va mobil Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 87 foizga yetkazildi.

    Internet tarmog‘ida keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish maqsadida, respublika miqyosida 1 million port montaj qilindi va umumiy keng polosali tarmoqqa ulanish portlari soni 3 millionga yetkazildi.

    Ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi Internet bilan ta’minlash doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yil 1 dekabr holatiga 7 150 ta xalq ta’limi, 4 581 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 2 747 ta sog‘liqni saqlash ob’ektlariga jami 12 867 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.

    Shu bilan bir qatorda, 2020-yilda mamlakat operatorlari va provayderlariga ko‘rsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlari narxlarini pasaytirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirildi.

    IP-transport xizmatlari bo‘yicha “Ma’lumotlarni uzatish magistral va multservis tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi doirasida “O‘zbektelekom” AK tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, joriy yilda transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 2 barobarga (400 Gbit/s. gacha), tuman markazlarigacha esa 4 barobarga (40 Gbit/s. gacha) oshirilgan.

    Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan, 2021-yil 1-yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxini 2 barobarga arzonlashtirilmoqda.

    Transport tarmog‘i o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va narxlarini arzonlashtirish operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    Bu operatorlar va provayderlar sotib oladigan internet hajmini orttirish orqali yanada yuqori tezliklarda o‘z xizmatlarini taqdim etish imkoniyatini beradi. Bu esa o‘z navbatida respublikamizning barcha hududlaridagi aholi uchun yanada yuqori tezliklarda internet xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

    Har bir foydalanuvchi uchun xizmat narxini arzonlashtirish, barcha toifadagi abonentlar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2020-yil noyabr oyidan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Mbit/s tezlikdagi kanal narxi oldingi tariflarga nisbatan 20 % ga arzonlashtirilib, 45 022 so‘m deb belgilandi.

    2021-yil 1-yanvardan boshlab mazkur xizmat narxi 40 000 so‘mgacha arzonlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

    Manba: Axborot xizmati