Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • "Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida" matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi
    11.12.2020

    Bugun 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” matbuot anjumani o‘tkazildi.

    Matbuot anjumanida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ma’sul xodimlari, va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumotlar taqdim etildi.

    Mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.

    Yurtimizda 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilingani ham bejiz emas. Joriy yilda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.

    2020 yil 28 aprel kuni “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi.

    Qarorga muvofiq “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi. 2020-2022 yillarda jami 268 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish doirasida 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

    Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasida mamlakatning jadal raqamli rivojlanishini ta’minlash, hududlarda raqamli tafovutni bartaraf etish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga qulay davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–6079-son, 05.10.2020 y.) qabul qilindi.

    Bunda, 2020–2022 yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida,aholi punktlarini Internet tarmog‘iga ulash darajasi, shu jumladan keng polosali ulanish portlarini 2,5 milliongacha ko‘paytirish, 20 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalarini qurish va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali, keng polosali mobil aloqa qamrov darajasini 95 foizga yetkazish belgilandi.

    Bugungi kunda Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni tashkil etmoqda.

    Operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s. uchun 45,0 ming so‘mni (4,3 doll.) tashkil etdi.
    Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22,1 milliondan oshdi, shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 19 millionni tashkil etmoqda.

    Magistral transport telekommunikatsiya tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2 ta loyiha yakunlandi. Natijada respublika bo‘yicha 237 ta ob’ektda qurilmalar o‘rnatiladi.

    Shuningdek, “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida rejalashtirilgan ob’ektlarga qadar 19 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 55,6 ming kilometr ga yetkazildi. (yil rejasi 10 ming kilometr)

    Mobil aloqa tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 11 oyida 4,5 mingta baza stansiyalari qurilib ishga tushirildi va 3 mingta baza stansiyalar modernizatsiya qilindi. Natijada respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va mobil Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 87 foizga yetkazildi.

    Internet tarmog‘ida keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish maqsadida, respublika miqyosida 1 million port montaj qilindi va umumiy keng polosali tarmoqqa ulanish portlari soni 3 millionga yetkazildi.

    5 Petabayt sig‘imga ega Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirildi.

    Shuningdek, joriy yilda Jizzax erkin iqtisodiy zonasida optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qo‘shma korxona ish boshladi.

    Ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi Internet bilan ta’minlash doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublikada 10 154 ta umumta’lim maktablari, 5 781 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 3 527 ta sog‘liqni saqlash ob’ektlari mavjud bo‘lib, joriy yil 1 dekabr holatiga 7 150 ta (70 foiz) xalq ta’limi, 4 581 ta (80 foiz) maktabgacha ta’lim muassasalari va 2 747 ta (78 foiz) sog‘liqni saqlash ob’ektlariga jami 12 867 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.

    Joriy yil yakuniga qadar 100 foiz maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash ob’ektlarini tezkor Internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlash rejalashtirilgan.

    Shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishiga 2021 yilda 386,5 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Shundan mobil aloqa operatorlari tarmoqlarini rivojlantirish uchun 136,9 million dollarga teng loyihalar amalga oshiriladi.

    Matbuot anjumani yakunida savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutaxassislar tomonidan javob berishdi.

     

    Manba: Axborot xizmati