Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Wi-Fi texnologiyasi asosida keng polosali ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini rivojlantirish borasida yana bir qulaylik
    30.10.2020

    Mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan Wi-Fi texnologiyasi asosida keng polosali ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda.

    Aholiga xizmat ko‘rsatish punktlarida va turistik hududlarda, shu bilan birga olis va qishloq aholi punktlarida Internet tarmog‘i tashkil qilingan ma’lum joydan yaqin atrofda joylashgan aholi xonadonlariga radiomost orqali keng polosali ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini tashkil qilishga talab ortib bormoqda.

    Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi barcha hududlarida Wi-Fi texnologiyasi asosida keng polosali ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini tashkil qilish uchun tadbirkorlar tomonidan kelib tushayotgan har bir talabnoma asosida, radioelektron vosita turining texnik tasnifidan kelib chiqqan holda radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruv organi - Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashining (keyingi o‘rinlarda - Kengash) alohida qarorlari, radiochastota organlari bilan o‘rtacha 30 ish kunida kelishish natijalari asosida rasmiylashtirib kelinmoqda.

    Hozirda ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i radioelektron vositalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida 2.4 GHz, 5 GHz va 60 GHz radiochastota polosalaridan foydalanishda Kengashning bir qator qarorlari amal qilmoqda. Jumladan, keng polosali ma’lumot uzatish tarmoqlarini rivojlantirish sur’atlarini oshirish, jadal rivojlantirishga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, xizmatlarning sifatini yaxshilash va turlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i (Wi-Fi) radioelektron vositalaridan 2400-2483,5 MHz, 5150-5190 MHz, 5210-5350 MHz, 5520-5550 MHz va 5570-5650 MHz radiochastota polosalarida hamda 60 GHz radiochastota diapazonida, Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashining alohida qarorlarini qabul qilmasdan, barcha ruxsat etuvchi hujjatlarni radiochastota organida rasmiylashtirgan holda foydalanishga ruxsat etishga doir Kengashning 2020 yil 29 oktyabrdagi 612-son qarori qabul qilindi.

    Mazkur qarorga muvofiq har bir aniq turdagi ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i radioelektron vositalari, shu jumladan radiomostlar uchun radiochastota spektri foydalanuvchisi tomonidan ushbu radioelektron vositalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish, chet eldan olib kirish va ulardan foydalanishda Kengashining alohida qarorlarini rasmiylashtirmasdan foydalanishga ruxsat berildi va O‘zbekiston Respublikasi radiochastota organlari bilan o‘rtacha 30 kun davomida kelishish protseduralari takomillashtirilib, ushbu muddatni 3 ish kuni ichida amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

    Shuningdek, Wi-Fi tarmog‘i radioelektron vositalarining effektiv izotrop nurlanish quvvati 100 mVtdan oshmagan taqdirda, xech qanday ruxsat etuvchi hujjatlar rasmiylashtirilmasdan O‘zbekiston Respublikasi hududida ulardan foydalanishga ruxsat etildi. Bunda bino ichida va tashqarisida joylashuvi bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilmagan.

    Shu o‘rinda, telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini ta’minlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 22 maydagi PQ-4329-son qarorigi muvofiq, Wi-Fi texnologiyasi asosida keng polosali ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini tashkil qilish uchun radioelektron vositaning chiqish quvvatidan qat’iy nazar 2.4 GHz va 5 GHz radiochastota diapazonlarida ekspluatatsion yig‘im va radiochastota spektridan foydalanganlik uchun to‘lov undirilmasligini ta’kidlab o‘tish joiz.

    Bu esa o‘z navbatida Wi-Fi tarmog‘i radioelektron vositalaridan foydalanayotgan kompaniyalarga va bu turdagi REVni respublikamiz hududiga olib kirish va sotish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga juda katta imkoniyatlar yaratadi.

    Manba: Axborot xizmati