Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘llash” mavzusida vebinar o‘tkazildi
    24.09.2020

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasining “Roskosmos” davlat korporatsiyasi, “Rossiyskiye kosmicheskiye sistemы” AJ va “Glavkosmos” AJ ishtirokida “Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘llash” mavzusida vebinar o‘tkazildi.

    Vebinarda vazirlik va idoralar markaziy apparati, korxonalari, tashkilotlari, institutlarning rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

    Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – respublikada Yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, ular asosida geoaxborot mahsulotlarini ishlab chiqish, turli ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borishda hamkorlik qilish, xorijiy tajribani o‘rganishdan iboratdir.

    Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, ular asosida geoaxborot mahsulotlarini ishlab chiqish bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirishning va insoniyat faoliyatining turli jabhalariga raqamli texnologiyalarni joriy etishning kuchli vositasidir.

    Shu bilan birga, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik sub’ektlari faoliyatining tezkorligini, sifatini va samaradorligini oshirish uchun geoaxborot tizimlarini yanada kengroq joriy etish va foydalanishga katta ehtiyoj mavjud.

    Tadbirda kosmik faoliyat yo‘nalishlarida salmoqli ilmiy va amaliy tajribaga ega Rossiya Federatsiyasining tashkilotlarining mutaxassislari tomonidan amaldagi yo‘ldosh apparatlari guruhi, ularning texnik tavsiflari va qo‘llanish sohalari, Rossiya iqtisodiyotida foydalanishda bo‘lgan tizimlar va ularni respublikada joriy etish, hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Vebinar natijalari bo‘yicha qatnashchilarda yerni masofadan zondlash texnologiyalari va geoaxborot tizimlarini turli sohalarda qo‘llash samaradorligi, shuningdek, ularni joriy etishning texnologik va iqtisodiy jihatlari to‘risida yanada chuqurroq tushuncha shakllandi.

     

     

    Manba: Axborot xizmati