Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Elektron hukumatni joriy qilish davr talabi
    15.09.2020

    XIX asrda telegraf va telefonning ixtiro qilinish bilan boshlangan va insoniyat sivilizatsiyasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqan axborot kommunikatsiya texnologiyalari erasi, bugungi kunda o‘z taraqqiyotining yuqori cho‘qqisiga chiqdi desak yanglishmagan bo‘lamiz.

    Axborot kommunikatsiya texnologiyalari, rivojlanishning turli bosqichlarida, tarkiban kengayib, funksional jihatdan boyib bormoqda.
    Bizning o‘z zamonamizda, shundoqqina ko‘z o‘ngimizda startga chiqqan uyali aloqa vositalari va internet texnologiyalari taraqqiyoti esa, axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojiga yanada quvvat bag‘ishladi. Ayniqsa internet global tarmog‘i kelgusi asrlarda ham, bizning davrimiz uchun o‘ziga xos tashrif qog‘ozi sifatida namoyon bo‘lsa ajab emas.

    Zero, bugungi kunimizda internet – dunyodagi axborot almashinuvi va kommunikatsiya vositalari orasida eng ilg‘or va ommabop bo‘lib ulgurdi. O‘sha telegrafdan boshlab ixtiro qilingan barcha axborot kommunikatsiya texnologiyalarining mantiqiy mohiyatlari – matnli xabar uzatish, tovush uzatish, tasvir uzatish kabilarni, o‘zida yagona va yaxlit tizimga mujassamlashtirgan mukammal axborot-kommunikatsiya vositasiga aylandi.

    Ijtimoiy soha va iqtisodiyotning turli bo‘g‘inlarini boshqarish, rivojlantirish va samaradorligini orttirish maqsadida, sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish – bugungi zamon talabi bo‘lgan dolzarb masaladir.

    Bunday sharoitda, axborot kommunikatsiya texnologiyalarining kuchli potensialidan nafaqat ijtimoiy yoki iqtisodiy sohalar, balki, siyosiy sohada ham foydalanish, uni davlat boshqaruvi, davlat va jamiyat munosabatlari hamda, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish kabi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar uchun qo‘llash ayni muddao hisoblanadi. Davlat hokimiyati ichki tarmoqlari boshqaruvi (markaziy hukumat va mahalliy hokimiyatlar, davlat tashkilot va muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro uzviylik) va davlat tashkilot va muassasalarining fuqarolar hamda biznesga ko‘rsatadigan xizmatlarining samaradorligini oshirishda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining qulayliklari va imkoniyatlaridan foydalanish – zamonaviy ilg‘or yo‘nalishlardan biri bo‘lib, xalqaro leksikonda u «Elektron hukumat» deb yuritiladi.

    Davlat boshqaruviga elektron hukumatni joriy etish - jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining yuqori sifat darajasida operativ ravishda, yagona standartlar asosida ko‘rsatilishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlat hokimiyatining ichki strukturalarida, hukumat organlarining turli bo‘g‘inlarida, tashkilot va muassasalarda idoralararo ichki munosabatlarda samaradorlikning ortishiga, pirovardida fuqarolarga va biznesga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarida samaradorlik ortishiga olib kelmoqda.

    Qisqa davr mobaynida davlat boshqaruvi ichki strukturasi – vazirliklar, idoralar, tashkilot va muassasalar, markaziy, hududiy va mahalliy hokimiyatlar, orasida elektron hujjat almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Idoralararo munosabatlarda yaxlit interaktiv axborot tizimini qo‘llash orqali, o‘zaro aloqa va ichki monitoring tizimi shaffoflandi.

    Fuqaro, o‘zi uchun zaruriy davlat xizmatidan foydalanishda yoki, davlat idorasiga murojaat etishda, mazkur idora joylashgan manzilga shaxsan tashrif buyurishi, idora mas’ul xodimi, masalan rahbarini qabul vaqtini poylashi, kutib o‘tirishi kabi holatlar bartaraf etilmoqda. Qolaversa, bu orqali mansabdor shaxslarning tamagirlik qilish holati cheklanadi.

    Soddaroq qilib aytganda, elektron hukumat axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonlarini elektron shaklga aylantirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalarning tizimidir.

    Elektron hukumat davlat va biznes, davlat va fuqarolar o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lib, davlat organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini takomillashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan fikr-mulohazalarni almashishning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi.

    So‘ngi vaqtlarda respublikada elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Har yili fuqarolar uchun ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni va sifati tobora ortib bormoqda.

     

     

    Manba: Axborot xizmati