Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri senatorlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi
    08.08.2020

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov senatorlar tomonidan berilgan savollarga javob berib, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

    Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmonlari bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish maqsadida Vazirlikning tarmoq dasturi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

    Shu munosabati bilan bugungi kunda Vazirlikning 2020 yildagi eng ustuvor vazifalaridan biri, ijtimoiy soha ob’ektlari umumta’lim maktablarini 70 foizga, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini yil oxirigacha 100 foiz tezkor internetga ulash vazifalari turibdi.

    Bu o‘z navbatida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 490 mingta Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 2,5 millionga yetkazildi.

    Bundan tashqari, 9 ming kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyalari qurilib, optik aloqa liniyalari kengaytirilmoqda.

    Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobarga, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi.

    Mobil aloqa qamrovini kengaytirish maqsadida 1 375 ta mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilib, ularning jami soni 27,4 mingtaga yetkazildi va aholi maskanlarida mobil aloqa qamrovi 97 foizni hamda yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovi 78 foizni tashkil etdi.

    Aholining keng polosali mobil internet xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl” filiali tomonidan mavjud 1 000 dan ortiq baza stansiyalari keng polosali texnologiyalar asosida modernizatsiya qilindi.

    Jizzax erkin iqtisodiy zonasida Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 11 million dollarga teng, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.

    Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish ishlari asosida mavjud 19 341 ta ijtimoiy soha ob’ektlaridan bugungi kunga qadar 11 595 tasida (60 foiz), jumladan 10 115 xalq ta’limi ob’ektlaridan 5 659 tasida (56 foiz), 5 707 ta maktabgacha ta’lim muassasalaridan 3 723 tasida (65 foiz) va 3 519 ta sog‘liqni saqlash ob’ektlaridan 2 213 tasida (63 foiz) optik tolali aloqa liniyalari asosida yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanishga imkoniyati yaratildi.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 153,7 million dollar miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish belgilangan.

    Bugungi kunda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yanada takomillashtirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) joriy etilgan. Bugungi kunda Yagona portal orqali 200 tadan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda.

    Ushbu xizmatlar bo‘yicha yil boshidan beri 1,4 millionta arizalar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foizga oshdi.

    Yagona portalda joriy qilinadigan va takomillashtiriladigan ommabop davlat xizmati ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ularni amalga oshirish natijasida yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar soni 230 tadan oshadi.

    Jumladan, ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish, ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining ma'ruzasini Youtube-kanalimizda quyudagi havola orqali ko'rishingiz mumkin.

     

    Manba: Axborot xizmati