Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi
    07.10.2020

    So‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar ijtimoiy hayotga raqamli texnologiyalarni faol joriy etish bilan birga
    aholining elektron xizmatlardan foydalanish, davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazish hamda aholining raqamli ko‘nikmalarini oshirish kabi ustuvor vazifalarni belgilamoqda.

    O‘zbekiston Respublikasida mamlakatning jadal raqamli rivojlanishini ta’minlash, xududlarda raqamli tafovutni bartaraf etish, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish uchun zarur muhitni yaratish bo‘yicha ma’lumotlarga asoslangan raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik su’bektlariga qulay davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–6079-son, 05.10.2020 y.) qabul qilindi.

    Bunda, 2020–2022 yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida:
    aholi punktlarini Internet tarmog‘iga ulash darajasi, shu jumladan keng polosali ulanish portlarini 2,5 milliongacha ko‘paytirish, 20 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalarini qurish va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali 78 foizdan 95 foizga yetkazish;

    hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida 400 dan ortiq axborot tizimlari, elektron xizmatlar va boshqa dasturiy mahsulotlar joriy etish;

    iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha 280 dan ortiq axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar joriy etish;

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi tasarrufidagi tashkilot va bo‘linmalar negizida “Raqamli idora” loyihasini amalga oshirish;

    barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosar (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatish;

    587 ming nafar kishini, shu jumladan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 500 ming nafar yoshlarni qamrab olish orqali kompyuter dasturlash asoslariga o‘qitish tashkillashtirish;

    hududlarda xokimlik, davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish uchun tegishli oliy ta’lim muassasalari biriktiriladi hamda ularning 12 ming nafar xodimi axborot texnologiyalari sohasida malakalarini oshirish kabi bir qator tadbirlar belgilandi.

    Shuningdek mazkur farmon bilan raqamli infratuzilma, elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar milliy bozorini rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida ta’lim berish va malaka oshirish ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

    Shu bilan birga, respublikaning barcha xududlarida raqamli tafovutni bartaraf etish maqsadida har bir hudud bo‘yicha ishlab chiqilgan 3 yillik raqamli transformatsiya qilish dasturlari ishlab chiqildi.

    2020 yilda raqamli transformatsiya qilinadigan 13 ta namunaviy tuman (shahar)lar belgilab olindi.

    Ma’lumot uchun:

    Bo‘zatov, Qorako‘l, Zarbdor, Qarshi, Qiziltepa, Davlatobod, Nurobod, Sho‘rchi, Boyovut, Piskent, Yozyovon, Xonqa tumanlari va Xonobod shahri.

    2021 yil I choragida 16 ta namunaviy tuman raqamli transformatsiya qilinadi.

    Ma’lumot uchun:

    Nukus shahri, Taxiatosh, Bo‘ston, G‘ijduvon, Sh.Rashidov, Yakkabog‘, Xatirchi, To‘raqo‘rg‘on, Norin, Qo‘shrobod, Angor, Xovos, Toshkent, Oxangaron, Bog‘dod, Shovot tumanlari.

    Ushbu tanlab olingan namunaviy tuman (shahar)larga Axborot texnologiyalari vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlardan tegishli rahbarlar biriktirilib, “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.

    Mazkur “yo‘l xarita”lari bilan 2020 yil (261 ta) va 2021 yil I choragida (326 ta) raqamli infratuzilmani kengaytirish (172 ta), raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruvida (54 ta), ijtimoiy (190 ta), kommunal (45 ta), qishloq xo‘jaligi (51 ta), sanoat (17 ta) sohalariga keng joriy qilish hamda rahbar va xodimlarni o‘qitishni (58 ta) o‘z ichiga olgan jami 580 dan ortiq loyiha va chora-tadbirlar belgilandi.

    Axborot texnologiyalari vazirligiga 2020 yilda raqamli transformatsiya qilinadigan 13 ta namunaviy tuman (shahar)ning ijtimoiy ob’ektlarini to‘liq raqamlashtirib, qolgan hududlar uchun tayyor “namunaviy loyiha” shakliga keltirish vazifalari yuklatilgan.

    “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida sohalar kesimida ishlab chiqilgan 3 yillik raqamli transformatsiya qilish dasturlarida 460 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi.

    Ilg‘or xorijiy tajribadan keng foydalanish maqsadida
    har bir tarmoq (74 ta idora) va hududlarni (14 ta) axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi xorijiy mamlakatlar (13 ta) – “Raqamli sheriklar”ga biriktirilgan.

    Shu bilan birga, har bir investitsiya loyihasi va jalb etilayotgan xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larining 5 foizidan kam bo‘lmagan qismini “raqamli” komponentga yo‘naltirish belgilandi.

    Har bir hududda axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar ochish hamda Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filialini ochish vazifalari belgilandi.

    Har bir tarmoq va hudud bo‘yicha ishlab chiqilgan raqamli transformatsiya qilish dasturlarida 500 mingdan ortiq yoshlarni raqamli texnologiyalarga o‘qitish, “Bir million dasturchi” loyihasini keng joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

    Har bir tuman va shaharda mavjud infratuzilma ob’ektlari negizida Raqamli texnologiyalarni o‘qitish markazlari ochilishi ko‘zda tutildi.
    Ushbu maktablarga oliy ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy va innovatsion markazlar biriktirildi.

    Belgilangan loyihalarni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimlari tomonidan Axborot texnologiyalari vazirligi bilan birgalikda qo‘shma qarorlar qabul qilinib, ushbu hududlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil qilindi.

     

    Manba: Axborot xizmati