Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • IT-parklar — raqamli iqtisodiyot lokomotivi
    20.08.2020

    Joriy yil 20-avgust kuni “Yangi O'zbekiston” gazetasining 157-sonida IT-parklar — raqamli iqtisodiyot lokomotivi” nomli maqola chop etildi. 

    Mazkur maqolada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda texnoparklarning roli va ahamiyati, Vazirlik tomonidan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparkini (IT-Park) va uning fillialarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingan. 

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi to'liq matni.

     

    Innovatsiya

    IT-parklar — raqamli iqtisodiyot lokomotivi

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning muhim sharti dasturiy mahsulot va raqamli xizmatlarni taqdim etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularni ichki hamda tashqi bozorga olib chiqish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.

    IT-parklari aynan shu maqsadga xizmat qiladi — sohadagi kompaniyalarga istiqbolli loyihalarni ishga tushirish, faoliyatini ilm-fan va ta’lim bilan integratsiyalash, dasturiy mahsulotlar bozoriga chiqishga ko‘maklashadi, g‘oyalarni haqiqiy imkoniyatga aylantirishga zamin yaratadi. “Zamonaviy aql markazlari” ayni kunda minglab star-aplar, millionlab dasturchilarni jamlash arafasida.

    Rezidentlar 2028 yilgacha soliqlardan ozod etilgan

    — Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidentlari hisoblangan 392 tashkilotda bugun to‘rt ming nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda, — deydi IT-Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov. — Ushbu kompaniyalarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan, 54 tasi yangi ochilgan. IT-Parkda ular uchun zarur infratuzilma, jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking-markaz, ofis maydonlari mavjud. Texnoparkda rezidentlarga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. Rezidentlar uchun moliyaviy imtiyozlar berilgan, ular 2028 yilning 1 yanvariga qadar barcha soliq va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek, bir martalik ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan.

    Bu kabi imtiyoz va qulayliklar o‘z samarasini bermoqda. Yil boshidan beri IT-Park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 321 milliard so‘m, eksport hajmi esa 5,1 million AQSh dollarini tashkil etdi.

    Toshkent shahrida IT-Park rezidentlari sonini ko‘paytirish hamda yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda IT-Park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi. IT-Parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi. Loyiha va smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash va bosh pudratchi tashkilot hamda IT-park hududida yangi infratuzilma ob’ektlarini qurish bo‘yicha tanlangan investorlar bilan shartnomalar imzolandi. Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashgan maktab hududida IT-parkning Toshkent filialini tashkil etish yuzasidan qiymati 70 milliard so‘mga teng 16 qavatli bino qurish uchun yer maydoni ajratildi va bu yerda tegishli ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

    IT-Parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital city” texnoparki), Farg‘ona (IT-park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-park Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirildi. Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch hamda Jizzax shaharlarida IT-park filiali binolarini qurilmoqda.

    G‘oliblarga 100 ming AQSh dollari beriladi

    Bugun IT-parklar tomonidan yoshlarning raqamli imkoniyatlarga doir bilimini oshirish, yosh dasturchilarni tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish uchun bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va IT-park birgalikda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, uning oqibatlarini yengillashtirishga xizmat qiluvchi innovatsion g‘oyalarni izlab topish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “COVID-19 Challenge 2020” tanlovi o‘tkazildi. Tanlovga 600 dan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, shulardan 5 tasi g‘olib deb topildi va ularga 42,5 ming AQSh dollari ajratildi.

    Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport, tadbirkorlik hamda turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha ilk bor “mGovAward” tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlov uchun xorijiy hamkorlar tomonidan 100 ming AQSh dollari ajratilgan va uchta munosib jamoa mazkur mablag‘ hisobidan rag‘batlantiriladi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qiymati 140 ming AQSh dollariga teng loyiha ham amalga oshirilyapti.

    Shuningdek, asosiy ijrochisi IT-Park bo‘lgan bepul onlayn platforma — “Bir million dasturchi” loyihasini ham alohida tilga olish lozim. Uning o‘ziga xosligi shundaki, unda barcha xohlovchilar dasturlash asoslarini o‘zbek tilida bepul o‘rganishi mumkin. Bugungi kunga kelib platformada mamlakat bo‘ylab 60 mingdan ziyod foydalanuvchi ta’lim olmoqda. Besh mingdan ortiq foydalanuvchi allaqachon loyiha bitiruvchisiga aylandi. Shu kungacha ham yurtimizdagi 32 ta IT-markazida 7 ming 200 o‘quvchi ta’lim oldi. Mazkur IT-markazlarida saksondan ziyod ish o‘rni va 116 ta onlayn videodars yaratildi. 2021 yilga kelib yurtimizning har bir tuman markazida IT-markazlar ochiladi va unda raqamli olamga oid eng zarur fanlar o‘qitiladi. Shu qatori, ayni kunda IT-park tomonidan mobil robototexnika bo‘yicha milliy terma jamoa shakllantirish jarayoni boshlandi.

    Bu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning uchinchi yo‘nalishi doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishdir.

    Sanobar JUMANOVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

     

    Manba: Axborot xizmati