Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Andijonda ham Raqamli texnologiyalar markazi ochildi
    16.05.2019

    Prezident ilgari surgan beshta tashabbusning uchinchi yoʻnalishi — aholi va yoshlarni kompyuter texnologiyalari va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanishga oʻrgatish ishlari davom ettirilmoqda. 15 may kuni Andijon shahrida ham Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochildi.

    Markaz ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov qatnashdi. Rasmiy lenta qirqilgach, markazga tashrif buyurganlar mashgʻulotlar oʻtkaziladigan oʻquv xonalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yoshlarni dasturlash, veb-dizayn, kibersport singari yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitishga ixtisoslashgan markazda dasturlash boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari, kitoblar joy olgan kichik javon ham tashkil etilgan.
     
    Eʼtiborlisi, viloyat hokimligi, tadbirkorlar ushbu oʻquv markaziga katta qiziqish bildirishmoqda. Tadbirkorlardan shunday markazlarni tumanlarda ham ochish takliflari tushmoqda. Viloyat hokimi esa texnopark tashkil etish yuzasidan vazirlikka taklif bilan chiqqan, 50 nafar yoshni Belarus yoki Hindistonda oʻqitish, kibersport boʻyicha viloyat hokimi kubogini oʻtkazish tashabbusini bildirgan.
     
    — Albatta, bu takliflar bizni quvontiradi, — dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. —  Tadbirkorlar taklifini, viloyat hokimligi tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz. Shu oʻrinda yoshlarni oʻqitish uchun oʻzimizning TATUda ochilgan Belarus — Oʻzbekiston qoʻshma fakulteti, yaqinda faoliyatini boshlaydigan Hindistonning Amiti universiteti imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak. Kibersport boʻyicha oʻyinlarni dastlab tumanlar miqyosida oʻtkazish lozim, soʻngra viloyat turniri tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Yoshlarimiz, umuman, yurtdoshlarimizni dasturlashga oʻrgatsak, ularga bu yoʻnalishda zamonaviy bilim bera olsak, ular hayotda oʻz oʻrinlarini topishsa, shu orqali daromadli boʻlishsa, maqsadimizga erishgan boʻlamiz.

    Manba: Axborot xizmati