Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
  • Toshkent shahrida Amiti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
    14.05.2019
    14 may kuni Aloqa tarixi muzeyida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hindistonning Amiti universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tashkil etilayotgan Amiti universitetining taʼlim faoliyatiga bogʻliq masalalarni muhokamasiga bagʻishlangan matbuot anjumanini oʻtkazdi. 
     
    Tadbirdan koʻzlangan maqsad – Universitet faoliyatini tashkil etish masalalari, qabul komissiyasi ishi jarayonlari va mazkur oliy taʼlim muassasasining oʻquv-taʼlim faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun ochiq maydon tashkil etish va uni mustahkamlashdan iborat.
     
    Matbuot anjumani ishida mazkur oliy taʼlim muassasasi prezidentiAtul Chauxana boshchiligidagi Hindistonning Amiti universiteti vakillari va ushbu universitetning boshqaruv va taʼlim boʻlinmalari aʼzolari ishtirok etdilar.
     
    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 yanvardagi PQ-4097-son “Toshkent shahrida Amiti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019 yilning sentyabr oyidan oʻquv yilini ochadi. Oliy taʼlim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter va dasturiy injiniring, sunʼiy intellekt va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.
     
    Amiti universiteti (Hindiston) Hindistonda yetakchi xususiy oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi va unda 150 mingda ziyod talabalar tahsil oladi. Taʼlim muassasasining bosh korpusi Noida shahrida joylashgan boʻlib, uning 11 ta shaharda kampuslari mavjud. Shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, JAR va jahonning boshqa shaharlarida filiallari faoliyat yuritadi.
    Matbuot anjumani ishi davomida Toshkent shahridagi Amiti universiteti qabul komissiyasi faoliyati, oʻquv jarayonlarini tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekistonda mazkur oliy taʼlim muassasasini tashkil etish faoliyati bilan bogʻliq boshqa masalalar muhokama qilindi.

    Manba: Axborot xizmati