Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Shavkat Mirziyoyev: mahsulot tannarxini kamaytirish orqali jahon bozoriga chiqish kerak
    12.03.2019

    Prezident Nurota tumanidagi “Marmarobod” korxonasida togʻ jinslaridan mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

    Davlatimiz rahbari har doim bozor talablarini oʻrganish, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidlaydi. Bu tovarning xaridorgirligi, korxonaning barqaror ishlashini taʼminlaydi.

    Xususan, keyingi yillarda ham ichki, ham tashqi bozorda pardozbop toshlarga talab oshgan. Nurota tumanida bunday toshlarning katta zaxirasi bor.

    Prezidentimizning avvalgi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqqa muvofiq “Marmarobod” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. 10 milliard soʻm mablagʻ evaziga dashtlikdagi 6 gektar yerda zamonaviy korxona ishga tushirildi. Xorijdan 655,5 million dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Qirq kishi ish bilan taʼminlandi. Bular loyihaning birinchi bosqichi.

    Ikkinchi bosqichda tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlashni klaster usulida yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga yetkazish, mahsulotlar turini koʻpaytirish va eksportga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish hajmi 250 milliard soʻm, eksport hajmi 10 million dollarga yetishi, bir yarim mingga yaqin ish oʻrni yaratilishi mumkin boʻladi.

    Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini koʻzdan kechirar ekan, ular jahondagi muqobillaridan qolishmasligini taʼkidladi. Samarali texnologiyalarni qoʻllash, transport xarajatlarini arzonlashtirish hisobidan mahsulotlar tannarxini kamaytirish, shu orqali tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha topshiriqlar berdi. Pardozbop toshlarni jahon standartlari asosida chuqur qayta ishlaydigan kadrlar tayyorlash, bunyodkorlik ishlarida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.

    Shu yerda Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda marmardan sanoat haykaltaroshligini tashkil etish, Nurota tumani Gʻazgʻon shaharchasini Bosh reja asosida rivojlantirish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

    Prezidentimiz mazkur hudud infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish uchun bu yerga temir yoʻl olib kelish taklifini bildirdi.

    Manba: President.uz