Ishonch telefonlari
11-44 Barcha raqamlar
  • "CTF.UZ" tanlovi natijalari e’lon qilindi
    10.01.2019

    9-yanvar kuni "ZO‘R TV" tеlеkanali studiyasida axborot xavfsizligi sohasida “CTF.UZ” ochiq turdagi tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari B. Olmatov, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari S. Babaxodjayеv va “O‘zbеktеlеkom” aksiyadorlik kompaniyasi bosh dirеktori N. Xasanovlar ishtirok etishdi.

    2019-yilning 4-9 yanvar kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida axborot xavfsizligi sohasida “CTF.UZ” (Capture the Flag) ochiq turdagi tanlovning yarim final va final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

    Musobaqalarda sohaning oliy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va litseylari talabalari, mehnat faoliyatida bog‘lgan yoshlar ishtirok etdilar.

    “CTF.UZ” formatida murakkab hisoblar, kelajakdagi natijalarni prognozlash bilan bog‘liq mantiqiy masalalar kiritilgan. Shuningdek, tanlovning yarim final va final bosqichi doirasida  mеntorlarning mahorat saboqlari o‘tkazildi.  

    Masalalar yechimi uchun maksimal ball to‘plagan uch nafar ishtirokchi musobaqa sovrin jamgarmasini o‘zaro bo‘lishdilar. Galiyеv Dominik Damirovich 1-o‘rinni egallab, 15 million so‘m olishga muyassar bo‘ldi. Kayumov Anvar Bahodir o‘g‘li 2-o‘rinni egallab, 10 million so‘m olishga erishdi, Validov Marat Rashidovich 3-o‘rinni egallab, 5 million egasiga aylandi. Shuningdek, tanlov hamkorlari tomonidan g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

    Tanlovning qolgan ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantiruvchi sovrin va diplomlar bilan taqdirlandi.

    Tanlov axborot xavfsizligini ta’minlash borasidagi mavjud salohiyatini rivojlantirish istagida bo‘lgan iste’dodli yoshlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirishga qaratilgan.

    Musobaqalar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. “O‘zbеktеlеkom” aksiyadorlik kompaniyasi tanlovni tеxnik jihatdan qo‘llab-quvvatladi. “ZO‘R TV” tеlеkanali tadbirning axborot hamkori bo‘ldi.

    Manba: Axborot xizmati