Ishonch telefonlari
11-44 Barcha raqamlar
  • Toshkentda axborot xavfsizligi sohasidagi “CTF.UZ” – ochiq turdagi musobaqalar boʻlib oʻtmoqda
    07.01.2019

    2019-yilning 4-9-yanvar kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida axborot xavfsizligi sohasida “CTF.UZ” (Capture the Flag) ochiq turdagi tanlovning yarim final va final bosqichi boʻlib oʻtmoqda. Musobaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

    Tanlov axborot xavfsizligini taʼminlash borasidagi mavjud salohiyatini rivojlantirish istagida boʻlgan isteʼdodli yoshlarni aniqlash, qoʻllab-quvvatlash va ularni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

    2018-yilning 15-noyabridan 25-dekabriga qadar respublikamizning 11 ta hududida tanlovning dastlabki turlari oʻtkazildi. Musobaqalarda sohaning oliy taʼlim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va litseylari talabalari, mehnat faoliyatida boʻlgan yoshlar ishtirok etmoqda.

    Tanlov dasturiga koʻra, 4-9-yanvar kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida musobaqalarning yarim final va final bosqichlari boʻlib oʻtadi. Ushbu jarayonlarda musobaqalar bilan bir qatorda mahorat maktablari ham tashkil etiladi.

    9-yanvarda musobaqalar yakuniga koʻra, “ZOʻR TV” telekanali studiyasida gʻoliblarni taqdirlash marosimi oʻtkaziladi. Unda tashkilotchilarning maxsus sovgʻalari va pul mukofotlari topshiriladi.

    Tanlov texnik jihatdan “Oʻzbektelekom” Aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

    Tadbir haqida tanlovning maxsus www.ctf.uz saytida batafsil bilib olishingiz mumkin.

    Manba: Axborot xizmati