Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • "ICTWEEK Uzbekistan-2018" 24 sentabrda boshlanadi
    04.09.2018

    Bu yilgi Oʻzbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi — “ICTWEEK Uzbekistan-2018” 24-29 sentabr kunlari Toshkent va Jizzaxda oʻtkaziladi.

    “ICTWEEK Uzbekistan” — mamlakatimiz axborot texnologiyalari sohasidagi eng muhim va keng koʻlamli tadbir. Unda axborot texnologiyalari sohasida erishilgan natijalar va amalga oshirilayotgan loyihalar namoyish etiladi va muhokama qilinadi.

    “ICTWEEK Uzbekistan-2018” haftaligi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar

    Toshkent shahrida:

    • Matbuot anjumani
    • “ICTEXPO-2018” — axborot texnologiyalari anʼanaviy yillik koʻrgazmasi
    • “DIGITAL UZBEKISTAN” forumi
    • shuningdek, boshqa tadbir va taqdimotlar.

     

    Jizzax shahrida:

    • Matbuot anjumani
    • “Bolalar uchun axborot texnologiyalari” aksiyasi
    • Mintaqaviy “ICTEXPO-2018” koʻrgazmasi
    • Mintaqaviy forum.

     

    24 sentabr. Toshkentdagi Milliy matbuot markazida matbuot anjumani boʻlib oʻtadi — u “ICTWEEK Uzbekistan-2018” haftaligini ochib beradi. Shu kuni jurnalistlar haftalik haqida batafsil maʼlumot va barcha savollariga javob olishlari mumkin.

    25 sentabr. Jizzax shahrida matbuot brifingi hamda “Bolalar uchun axborot texnologiyalari” aksiyasi boʻlib oʻtadi.

    26 sentabr. Poytaxtdagi “Oʻzekspomarkaz”ning anjumanlar zalida “DIGITAL UZBEKISTAN” forumida boʻlib oʻtadi.

    27 sentabr. Jizzax shahrida “Jizzax viloyati: investitsiyalar, innovatsiyalar, axborotlashtirish” mintaqaviy 3i forumi boʻlib oʻtadi.

    26—28 sentabr. Toshkentda axborot-kommunikassiya texnologiyalari haftaligining muhim voqeasi — “ICTEXPO-2018” koʻrgazmasi oʻtkaziladi.

    26-27 sentabr. Jizzax shahrida Toshkentdagi “ICTEXPO-2018”ga parallel ravishda mintaqaviy koʻrgazma boʻlib oʻtadi.

    “ICTEXPO-2018”da axborot texnologiyalari va xizmatlari bozorida taqdim etilayotgan zamonaviy texnologiyalar va yechimlar namoyish etiladi. Ushbu koʻrgazmada axborot texnologiyalari sohasidagi soʻnggi tendensiyalarga ixtisoslashgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirok etadi: uyali aloqa kompaniyalari, vendorlar, dasturiy taʼminot, tizim integratorlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va boshqalar.

    AKT haftaligi doirasida koʻplab boshqa tadbirlar ham oʻtkaziladi. Yangiliklarni “ICTWEEK Uzbekistan-2018”ning “Facebook”dagi sahifasi va “Telegram”dagi kanali orqali kuzatish mumkin.

    Bu yildan boshlab Forum va koʻrgazmaga kirish uchun www.ictweek.uz rasmiy saytida roʻyxatdan oʻtish va QR-kodini olish zarur, bu ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarning vaqtini tejash hamda tadbir kuni roʻyxatdan oʻtishni osonlashtirish uchun qilingan.

    “ICTWEEK Uzbekistan-2018” haftaligiga 29 sentabr kuni mukofotlash marosimi yakun yasaydi.

    AKT haftaligi Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligi koʻmagida oʻtkaziladi. Tashkilotchilar — “ICTNEWS Conferences” (“CIBGROUP” MCHJ) va Oʻzbekiston axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi (Jizzax sh.).

    Manba: Axborot xizmati