Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Teleradiokanallar monitoringi kuchaytiriladi
    28.07.2018
    Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida yurtimizda faoliyat olib borayotgan tele-, radiokanallar kontentini monitoring qilish natijasida aniqlangan qonunchilik talablarining buzilishi holatlari muhokama qilindi.    

    Xususan, yig‘ilishda «MASTER MEDIA PRODUCTION AND BROADCAST» MChJ muassisligidagi «SEVIMLI TV» va «STV» telekanallari monitoringi davomida aniqlangan qonunchilik talablarining buzilishi bo‘yicha O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining xulosasi tinglandi. 

    Ushbu telekanallar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi,  “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 14- va 15-moddalari talablari muttasil buzib kelingan. 

    Mazkur telekanallar tomonidan ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga zid keluvchi, yoshlarning odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan filmlar, xususan pornografik mazmundagi sahnalar, yozishmalar, hayosizlikni tashviq qiluvchi xorijiy qo‘shiqlar, ayniqsa, yoshlar odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan jumlalar mavjud qo‘shiqlar namoyish etilayotgani kuzatilgan.

    Jumladan, «SEVIMLI TV» telekanali orqali 2018 yil 15 iyul kuni coat 
    21:10 da  efirga uzatilgan “Hurliqo” (“I feel pretty”) badiiy filmida pornografik mazmundagi sahna namoyish qilingan. «STV» telekanali orqali 2018 yil 21 iyul kuni coat 09:17 da hayosizlikni  targ‘ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob – axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi “Sausage party” nomli xorij multfilmi efirga uzatilgani kuzatilgan. Ushbu multfilm qahramonlarining hayosizlikni targ‘ib qiluvchi erotik,  narkotik moddasini qabul qilish, jinsiy ehtiyojini qondirish holatlari, bir jinsdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘zaro o‘pishishi, yakka holda va guruh-guruh bo‘lib jinsiy aloqa qilish kabi sahnalar namoyish etilgan. Shuningdek, multfilm davomida qahramonlarning hayosiz mazmundagi suhbatlari kuzatilgan.

    Bundan tashqari, “STV” telekanali orqali 2018 yil 22 iyul kuni soat 22:45 da xorijning “Ya legenda” filmi efirga uzatilgan. Aytish joizki, syujetida vahshiylik, shafqatsizlik va tomoshabinlarni dahshatga soluvchi qo‘rqinchli tasvirlar mavjudligi bois, mazkur film “O‘zbekkino” Milliy agentligining ekspert komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi hududida namoyish etish, ko‘paytirish va tarqatish tavsiya etilmagan filmlar ro‘yxati”ga kiritilgan. Film syujetida virus tarqalgan hududda odamxo‘rlar va vahshiy hayvonlarning odamga hujum qilishi, uni yeyishga urinishi bilan bog‘liq vahshiylik, shafqatsizlik sahnalari mavjudligi aniqlangan. 

    Yuqoridagi qonun buzilishi holatlari, O‘zbekston Matbuot va axborot agentligi xulosasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 10 iyuldagi 293-son Qarori bilan tasdiqlangan “Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom”ning 8-bandi 1- hamda 5-xatboshilariga asosan, Komissiyaning  «MASTER MEDIA PRODUCTION AND BROADCAST» MChJ muassisligida tashkil etilgan «STV» telekanalining efirga tarqatilishini nomuayyan muddatga to‘xtatish bo‘yicha qarori qabul qilindi, shu bilan birga «MASTER MEDIA PRODUCTION AND BROADCAST» MChJ muassisligida tashkil etilgan «SEVIMLI TV» telekanali efirga tarqatilayotgan teledasturlarida qonunchilik talablarining buzilishiga qayta yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishi shartligi yuzasidan qat’iy ogohlantirildi. 

    Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markaziga litsenziyaga ega barcha teleradio sub’ektlari tomonidan ta’sis etilgan tele-, radiokanallar kontentini monitoring qilish ishlarini yanada takomillashtirish, monitoring natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan tizimli ravishda Komissiyaga ma’lumot kiritib borish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
     

    Manba: Axborot xizmati