Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Ochiq Wi-Fi tarmog‘i: Foydalanuvchi shaxsining tasdiqlanishi majburiy bo'ldi
    18.07.2018

    2018 yilning 10 iyulida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining "Ma’lumotlar uzatish tarmoqlari, jumladan yangi tahrirdagi Internet xizmatlarini ko‘rsatish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi"gi buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Bir qator vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda tayyorlangan hujjatning bosh maqsadi – O‘zbekistonda Wi-Fi tarmoqlari xavfsizligini ta’minlash va sayyohlikni rivojlantirishdan iborat.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Vazirlik zimmasiga ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini, xususan ochiq Wi-Fi tarmoqlari foydalanuvchilariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. 

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanishni tashkil etgan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar oldiga foydalanuvchilarning shaxsini majburiy tartibda aniqlash tizimini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.

    Bugungi kunda shaharlarimizning katta qismi Wi-Fi tarmoqlari bilan qoplab olingan. Aksariyat jamoat joylarida, savdo markazlari hamda binolarda Internetga Wi-Fi orqali ulanish joriy qilingan. 

    Biroq ochiq Internet tarmoqlaridan qonunga xilof maqsadlarda (tovlamachilik, korrupsiya) foydalanish, terrorchilik harakatlarida qo‘llash ko‘lamining oshib borayotgani hamda boshqa omillar jamoat joylarida Wi-Fi orqali Internet xizmatlari ko‘rsatishni tartibga solishni taqozo qilmoqda. 

    Ma’lumotlar uzatish tarmoqlari, jumladan yangi tahrirdagi Internet xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tartibida ochiq Internet tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha talablar alohida bo‘limda keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra, axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida har bir foydalanuvchi ochiq Internet tarmog‘idan foydalanayotganda shaxsini tasdiqlashi zarur.

    Ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanishda shaxsni tasdiqlash jarayoni jahon miqyosida millionlab foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Bu – vaqt sinovidan o‘tgan xalqaro tajriba.
    Buyruq bo‘yicha yangi kiritilgan tartib-qoida quyidagicha: 
    Foydalanuvchilar o‘z shaxslarini mobil telefon raqamlari orqali yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi ma’lumotlar (chipta, mehmonxonadan ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari) orqali tasdiqlashlari mumkin.

    Foydalanuvchi mobil telefoni orqali shaxsini tasdiqlamoqchi bo‘lsa, cheklangan muddatda faoliyat ko‘rsatuvchi (10 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan) hamda foydalanuvchining telefon raqamiga SMS-sxabar tarzida yuborilgan bir martalik kirish paroli (One Time Password) dan foydalaniladi;

    Wi-Fi xizmati tashkilotchisi foydalanuvchining telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatilayotgan shaxsiy ma’lumotlari hamda xabarlarining maxfiyligini ta’minlashi shart. Mazkur holat bo‘yicha cheklovlar qonunchilikda ko‘zda tutilgan holatlarda amal qilishi mumkin;

    Wi-Fi xizmatlarining sifatli ko‘rsatilishi yuzasidan nazorat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi zimmasiga yuklatiladi. Mazkur hujjatni tayyorlash jarayonida Vazirlik mutaxassislari hamda ekspert guruhi xalqaro tajribani yaqindan o‘rgangan, shuningdek hujjat Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasini muhokama qilish portalida jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan. 

    Xalqaro tajribaga ko‘ra, Wi-Fi tarmog‘iga imtiyozli ulanish jamiyatning "shaxsi tasdiqlangan" hamda Wi-Fi tarmog‘i rivojiga hissa qo‘shuvchi a’zolariga beriladi. Misol uchun, o‘z uyining tom qismiga Wi-Fi qurilmalari o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlagan shaxslarga. Estoniya, Parij, Isroil, Finlyandiya kabi mamlakatlar qonunchiligida bunday jihat ko‘zda tutilgan. 

    Jamoat joylarida Wi-Fi tarmog‘idan o‘z shaxsini tasdiqlash orqali foydalanish amaliyoti xorijda, jumladan Italiya, Janubiy Koreya va bir qator davlatlarda joriy qilingan. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarida, xususan Rossiyada 2014 yildayoq axborot-telekommunikatsiya tarmog‘i (Internet) da axborot almashishni tartibga solishga oid qonun qabul qilingan. 

    Tushunish kerakki, bugun foydalanuvchilar, jumladan sayyohlar va turli mamlakatlardan tashrif buyurayotgan mehmonlar aeroport, vokzal, mehmonxona va jamoat transportlari, madaniy-sayyohlik ob’ektlarida mavjud ochiq Internet tarmoqlaridan xavfsiz foydalanishni istaydilar. Shu bois ham, yuqorida nomi keltirilgan hujjatda Wi-Fi tarmog‘i xavfsizligini ta’minlash va undan foydalanishda shaxsni tasdiqlashning sodda usullaridan foydalanish belgilab berilgan. 

    O‘zbekistonda ma’lumotlar uzatish tarmoqlari, jumladan Internet xizmatlarini ko‘rsatishda zamonaviy hamda aniq qoidalarning joriy qilinishi mamlakatimiz aholisi hamda turli mamlakatlardan kelayotgan sayyohlarning ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan xavfsiz foydalanishlarini ta’minlaydi. 

    Manba: Axborot xizmati