Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT sohasining holati va istiqboli #MITCROADMAP2018 anjumanida muhokama qilindi
    22.05.2018

    2018 yilning 22 mayida Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining #MITCROADMAP2018 anjumani tashkil qilindi. Anjumanda 2018-2019 yillarda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan dolzarb masalalar, AKT sohasi, IT-ta’lim rivojining tendensiyalari, davlat va biznes hamkorligidagi muammolar o‘rtaga tashlandi.

    O‘zbekistondagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining hozirgi holati hamda istiqboli xususida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev so‘zlab berdi. Vazir anjuman ishtirokchilarini vazirlikning yangidan ishlab chiqilgan logotipi bilan tanishtirdi, IT-texnologiyalarga bag‘ishlangan yangi Internet-kanal nomini e’lon qildi, shuningdek «Elektron hukumat» - SMART Government Uzbekistan («O‘zbekistonning aqlli hukumati») tizimini rivojlantirishning yangi strategiyasini taqdim qildi.

    «O‘zbektelekom» AK rahbari Farhod Roziyev jamoatchilikni Milliy operatorning tubdan isloh qilinishiga oid rejalar bilan tanishtirdi. Jumladan, uning chiqishi mobaynida bu maqsadga erishishda xalqaro Internet-kanallarini 10 barobarga kengaytirish kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga olgan 7 oylik reja asoslab berildi.

    Anjumanda IT-ta’lim yo‘nalishidagi masalalarning ahamiyati alohida inobatga olingan. Bu borada Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxo‘jayev innovatsion avlodni voyaga yetkazish yuzasidan tadbir va rejalarga to‘xtaldi. Xususan, u Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalar uchun yuqori narxli shartnoma pullari bilan yuzaga kelayotgan muammoni hal qilish yuzasidan yechimlarni ilgari surdi.

    Qolgan spikerlar, jumladan Mirzo Ulugbek Innovation Center Innovatsiyalar markazi direktori Farhod Ibragimov, Xalqaro biznes va texnologiyalari assotsiatsiyasi (AMBiT) raisi Hikmat Abdurahmanov, shuningdek Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha konsultanti hamda “Rossiya pochtasi”ning rahbari (1999-2004 gg.) Yevgeniy Birger O‘zbekistonda AKT-sanoatining isloh qilinishi yuzasidan o‘z qarashlari va yechimlarini bayon qildilar.

    Kun tartibiga muvofiq, spikerlar ko‘tarib chiqqan masalalar bo‘yicha mamlakat miqyosida kovorking-markazlarini tashkil qilish, Mirzo Ulugbek Innovation Center Innovatsiyalar markaziga hozirga qadar a’zo bo‘lgan 319 ta kompaniyalar yordamida IT-xizmatlar eksportini oshirish kabi muhim masalalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

    Anjumanda qatnashgan ishtirokchilar soni 400 nafardan oshdi. Mehmonlar orasida xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalari, vazirlik va idoralar vakillari, mobil operatorlar, internet provayderlar, IT-kompaniyalar, tadbirkorlar, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarining iqtidorli talabalari ham bor.

    Tadbirda jamoatchilik vakillari – jurnalistlar, soha mutaxassislari, shuningdek vazirlik saytida tashkil qilingan maxsus sahifa orqali ro‘yxatdan o‘tib, anjumanda ishtirok etishga yuqori qiziqish bildirgan, AKT sohasi rivojiga befarq bo‘lmagan fuqarolar ikkitomonlama shaklda o‘tgan muhokamalarda faol ishtirok etdilar.

    Anjumanning savol-javoblar qismi fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi. Unda spikerlar ishtirokchilarni va internetdagi so‘rovlar orqali olingan, mamlakat aholisini qiziqtirayotgan dolzarb savollarga batafsil oydinlik kiritib o‘tdilar.

    Manba: Axborot xizmati