Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Elektron tijorat tubdan takomillashtiriladi
    15.05.2018

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 14 may kuni «Elektron tijoratni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi PF-5349-sonli farmonida davlat va iqtisodiyotning real sektorida innovatsiyalarni joriy qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini isloh qilish, elektron tijoratni qo‘llab-quvvatlash orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi vazifalar belgilab olingan.

    «Elektron tijoratni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror mamlakat iqtisodiyotining sohalarini rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlarini eksport qilish geografiyasini kengaytirish va hajmini oshirish, Internet tarmog‘i orqali jahon bozoriga milliy mahsulotlarni sotish, to‘lov tizimlarini takomillashtirishdagi o‘rnini hisobga olib, elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.

    Aytish joizki, qaror loyihasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi muhokamasiga qo‘yilgan hamda kengashning tajribali a’zolari bo‘lgan ekspertlarning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilgan edi.

    Qarorda quyidagi o‘ziga xos jihatlar nazarda tutilgan:

    O‘zbekiston Respublikasida 2018-2021 yillarda elektron tijoratni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

    qonun hujjatlariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar tovarlar (xizmatlar) uchun to‘lovlarni tasdiqlovchi kvitansiyalar, talonlar, chiptalar va boshqa hujjatlarga tenglashtirildi;

    tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektron tijorat bitimlarini amalga oshirishda to‘lovlar virtual terminallar (E-POS) orqali xaridorga naqd pulni qabul qilganligi to‘g‘risida elektron chek yoki boshqa tasdiqlovchi xujjatni majburiy yuborgan hamda inkassatsiya qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda pul mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi bankga topshirish sharti bilan naqd pul shaklida qabul qilinishi mumkin;

    elektron tijorat sub’ektlari savdo faoliyatini amalga oshirishda to‘lov terminallaridan foydalangan holda tadbirkorlik sub’ektlarining korporativ bank kartalari, shuningdek, elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilish huquqiga ega bo‘ldilar;

    elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan uch ming AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar (xizmatlar)ni eksport qilish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmasdan va yuk bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasdan pochta xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi;

    virtual terminallar (E-POS) shu turdagi nazorat-kassa mashinalari va to‘lov terminallariga tenglashtiriladi.

    Shuningdek, qaror asosida 2018 yilning 1 iyulidan tadbirkorlar – elektron tijorat ishtirokchilarga qator imtiyozlar beriladi, xususan:

    elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga uchinchi shaxslar (tovarlarni sotuvchilar) uchun to‘lovlarni keyinchalik ularni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish sharti bilan qabul qilish huquqi beriladi;

    elektron tijorat orqali sotiladigan tovarlar (xizmatlar) uchun ularning umumiy qiymatidan majburiy 15 foizli oldindan to‘lov to‘lash talabi bekor qilinadi;

    elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga

    va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;

    elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash tartibi va talablariga qat’iy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.

    Qarorda belgilangan muhim yo‘nalishlardan biri 2018 yilning 1 iyulidan boshlab elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestrining tuzilishi bo‘ldi.

    Milliy reyestrni yuritish elektron shaklda onlayn rejimda amalga oshiriladi;

    Milliy reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda tovar (xizmat)larni elektron tijorat orqali sotishdan olgan daromadlari umumiy sotilgan tovarlar (xizmatlar) hajmining kamida 80 foizini tashkil etuvchi, shu jumladan, elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari, tovarlarni yetkazib berish, elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar kiritiladi.

    Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar 2 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar hisoblanadi.

    Qarorning imzolanishi elektron tijoratni rivojlantirish, xalqaro elektron savdo platformalariga qo‘shilish, milliy mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlar orasida elektron tijoratni ommalashtirishga xizmat qiladi.

    Manba: Axborot xizmati