Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O'zbekiston va Afg'oniston AKT vazirliklari o'rtasida memorandum imzolandi
    03.04.2018

    O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda  Afg'oniston Islom Respublikasining Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vazirligi o'rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo'nalishida hamkorlikni yo'lga qo'yishga qaratilgan "Strategik hamkorlik bo'yicha anglashuv Memorandumi" imzolandi.

    Mazkur hujjatdan ko'zlangan bosh maqsad -- ikkitomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmatlarini rivojlantirishda tajriba almashish, aloqalarni kengaytirishdan iborat. Memorandumda, shuningdek AKT sohasida texnik yordam ko'rsatish masalasi ham ko'zda tutilgan.

    Anglashuv memorandumi asosida tomonlar hamkorlikka oid me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtiradilar, o'zaro daxldor bo'lgan telekommunikatsiya va aloqa tarmoqlari hamda pochta aloqasi infratuzilmasini maqbullashtirish choralarini ko'radilar. Xususan, Markaziy Osiyoga O'zbekiston orqali o'tadigan pochta tranzitining faoliyati ta'minlanadi. Shu bilan birga, tomonlar AKT sohasining turli yo'nalishlarida raqobatbardoshlilikni oshirish, "elektron hukumat" yo'nalishida hamkorlik qilishni kelishib oldilar.

    Imzolangan Memorandum asosida afg'onistonlik talabalarning Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarida ta'lim olishlarini tashkil qilish masalasi ham o'rganib chiqiladi.

    Shuningdek, muzokaralar asosida "O'zbektelekom" AK hamda «Afghan Telecom Corporation» o'rtasida ham "Strategik hamkorlik bo'yicha anglashuv Memorandumi" imzolandi. Telekommunikatsiya sohasining iqtisodiy yuksalishdagi o'rni hisobga olinib, tomonlar telekommunikatsiya yo'nalishida o'zaro xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'yishga kelishib oldilar. Unga ko'ra tomonlar har ikkala mamlakatdagi xalqaro aloqa xizmatlariga bo'lgan ehtiyojni tahliliy o'rganib, shunga ko'ra maqsadli ravishda "O'zbektelekom" va "Afghan Telecom Corporation" kompaniyalarining telekommunikatsiya tarmoqlari o'rtasidagi o'zaro trafik o'tkazuvchanligini oshirish kelishib olindi.

    Manba: Axborot xizmati