Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Exadel Inc. vitse-prezidenti O‘zbekiston IT-sanoati imkoniyatlari bilan tanishmoqda
    26.01.2018

    Bugun vazirlikda Exadel Inc. korporatsiyasi vitse-prezidenti Gregoriy Katsman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kompaniya ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib, bu yerdagi IT-bozorda hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. 

    Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish uchun maqbul muhitni yaratish va axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga mas’ul «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiyalar markazi bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro kompaniyalar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish yuzasidan faoliyatini kengaytirmoqda. Jumladan, yuqori tajribaga ega Exadel Inc. korporatsiyasi ham yurtimizda faoliyatini tashkil qilishga qiziqish bildirmoqda. 

    Qizg‘in kechga uchrashuvda janob G.Katsman korporatsiya faoliyati hamda uni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar xususida so‘zlab berdi. 

    O‘z navbatida, vazirlik rahbariyati mehmonlarga yurtimizda iqtisodiyot sohalariga yuqori texnologiyalarni joriy qilish, axborot texnologiyalari sohasi uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, xususan bir muddat avval ish boshlagan «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiyalar markazining ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berdilar.

    Uchrashuvda yosh dasturchilarni kompaniyalar amalga oshirayotgan loyihalarga jalb qilishning, ularni talabalik davridayoq ishga yo‘naltirishning zarurati qayd etildi. Bu boradagi ishlarda Innovatsiyalar markazi a’zolari tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan malaka oshirish mashg‘ulotlari, ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham alohida o‘rin tutmoqda. 

    O‘zbekiston tomoni Exadel Inc. korporatsiyasi bilan «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiyalar markazining hamkori sifatida ishlashga har tomonlama tayyor ekanini ma’lum qildi. Korporatsiya delegatsiyasi O‘zbekistondagi tashrifi mobaynida Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Xalqaro Vestminster universiteti, Turin universiteti, Buxoro yuqori texnologiyalari muhandislik-texnika universitetlarida bo‘lib, ularning rektorlari bilan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan muzokaralar olib bordi.

    Exadel Inc. rahbariga hamrohlik qilayotgan Technics and Communications JSC kompaniyasi rahbari, janob Igor Fillipyonok ham O‘zbekiston IT-sanoatida faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqayotganini ma’lum qilgan.

    Exadel Inc — xalqaro axborot texnologiyalari kompaniyasiga 1998 yilda asos solingan bo‘lib, muassasa dasturiy ta’minot va IT-konsalting xizmatlari bilan shug‘ullanadi. Korporatsiya bosh idorasi AQSh ning Kaliforniya shtati, Uolnat Krik shahrida joylashgan. Ayni paytda kompaniyaning Belarusiya, Ukraina, Litva, Rossiya va Polsha davlatlarida dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi bo‘linmalari mavjud va ularda 800 nafardan ziyod mutaxassislar faoliyat yurtimoqda. Exadel hamkorlari orasida Hewlett Packard, Disney, eBay, Golden Gate University, AT&T, RBS, UBS Bank, Samsung va jahonning boshqa ko‘plab kompaniyalarini ko‘rish mumkin.

    Manba: Axborot xizmati