Ishonch telefonlari
11-44 Barcha raqamlar
  • Prezident axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
    09.01.2018

    2018 yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

    Bugun mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va kundalik hayotga izchil joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    O‘tgan yilda raqamli televideniye qamrovi 88 foizdan 100 foizgacha yetkazildi. Mobil aloqadan foydalanuvchilar soni 7 foizga oshib, 22,8 millionga yetdi. 2017 yilda axborot texnologiyalari sohasida 7,7 trillion so‘mlik yoki 2016 yilga nisbatan 26 foizga ko‘p xizmat ko‘rsatildi. Investitsiya dasturi doirasida 260 million dollar o‘zlashtirildi.

    Yig‘ilishda erishilgan natijalar alohida qayd etilar ekan, 2018 yilda va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida ham so‘z bordi.

    Prezidentimiz axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ko‘rsatkichda ekanligini qayd etdi.

    Misol uchun: axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada – 9 foiz, Yaponiyada – 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda – 4,7 foiz, O‘zbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingdagi 176 ta mamlakat ichida O‘zbekiston 95-o‘rinni egallagani isbotlab turibdi.

    Yig‘ilishda Internet tarmog‘iga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy ta’minot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish, “Elektron Hukumat” tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

    Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat “Telegram”da yozishma uchun foydalanadi, xolos, dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Yig‘ilishda MDH davlatlari bo‘yicha Internetning o‘rtacha tezligi biznikidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yo‘llarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani ta’kidlandi.

    Mutasaddilarga Internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020 yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriq berildi.

    Bugun “Xavfsiz shahar” yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyihaning konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq kameralar o‘rnatish, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va Situatsiya markazlarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz hudud”, “112” tizimi, oliy ta’lim muassasalariga imtixon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

    Yig‘ilishda “Xavfsiz hudud” va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi farmoniga asosan tashkil etilgan «Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi»da 140 dan ortiq korxonaga rezident maqomi berilib, ularda ayni vaqtda 1000 dan ortiq dasturchi mutaxassis ishlamoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomi berilgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida eng zamonaviy texnologiyalar va ta’lim uslublari keng joriy etilmoqda.

    2018 yilda xalqaro tajribani, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda, “2018-2021 yillarda “Elektron Hukumat” tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi”ni ishlab chiqish, “Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi» rezidentlari tomonidan ko‘rsatiladigan ishlar va xizmatlar hajmini kamida 2 barobarga hamda eksport hajmini 1,8 barobarga oshirish, rezidentlar uchun chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

    Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obro‘li 1 000 universitet safiga kiritishni ta’minlash, sohada jahonda yetakchi bo‘lgan universitet va kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijiy stajirovkasi va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

    Yig‘ilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi, mutasaddilarga dunyoning yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korporatsiyalar bilan tenglasha oladigan milliy operatorimiz va dasturchilarimizning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

    Yig‘ilishda “O‘zbektelekom” kompaniyasining ishlash samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon so‘zlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan sub’ektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib, yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

    Manba: president.uz

    Manba: Axborot xizmati