Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki bilan hamkorlik o‘rnatildi
    01.12.2017

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki asoschisi Valeriy Sepkalo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Valeriy Sepkalo mamlakatimizda yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning o‘sish sur’ati, jumladan dasturiy ta’minot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, yaqinda tashkil qilingan «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurgan.

    Aytish joizki, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi faoliyatini tashkil qilishda Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki tajribasi yaqindan o‘rganilgan. Mazkur majmua bugungi kunda Belarussiya Respublikasini dastur ishlab chiqarishda jahonning yetakchi mamlakatlaridan biriga aylanishida muhim ahamiyat kasb etgan.

    Uchrashuvda kompyuter dasturlari ishlab chiqarish, yetakchi kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, O‘zbekistondagi AKT ga ixtisoslashgan universitetlar qoshida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha AKT-laboratoriyalar tashkil qilishda hamkorlik o‘rnatish rejalari muhokama qilindi.

    Muzokaralarda tomonlar dasturiy ta’minot sanoati hamda axborot texnologiyalari sohasida tajriba almashuv ko‘lamini kengaytirish, milliy dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiluvchi AKT-parklarni va mexanizmlarni rivojlantirish, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini oshirishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 apreldagi farmoni bilan tashkil etilgan "Mirzo Ulugbek Innovation Center" Innovatsiya markazi rezidentlari O‘zbekistonning istalgan hududida turib ishlashlari mumkin hamda qator soliq va bojxona imtiyozlariga egalar. Bugungi kunda ularning soni 147 taga yetgan.

    Eslatib o‘tamiz, Innovatsiya markazi a’zolari 2028 yilning 1 yanvariga qadar soliq va majburiy to‘lovlardan ozod qilingan. Ularda faoliyat olib borayotgan xodimlar daromadlaridan belgilangan miqdorda, ya’ni 7,5% soliq, shuningdek 4,5% Nafaqa jamg‘armasi uchun sug‘urta to‘lovini to‘laydilar.

    Belorussiya Yuqori texnologiyalar parkiga 2005 yilda asos solingan. Uning bosh maqsadi dasturiy ta’minot va axborot texnologiyalari ishlab chiqaruvchilariga maqbul sharoit yaratishdan iborat. Bugungi kunda unga 173 kompaniya a’zo bo‘lgan. Ular 2020 yilga qadar soliqlardan ozod qilingan. Bu yerda faoliyat olib borayotgan xodimlar daromadlaridan 9% ini soliqqa to‘laydilar. Mazkur kompaniyalar ishlab chiqargan 91,5% mahsulotlar eksport qilinadi. Ular yaratgan mobil ilovalardan ayni paytda 193 mamlakatda, 900 million nafar odam foydalanadi. Ushbu kompaniyalar jahonning 66 ta yirik kompaniyalari bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yganlar. 2016 yilda Belorussiya Yuqori texnologiyalar parki 820,6 mln dollarlik mahsulot va xizmatlarni eksport qilgan. Bu mamlakatning yillik eksportining 12% ini tashkil qiladi.

    Manba: Axborot xizmati