Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot jamiyati: istiqbol va imkoniyatlar
    18.05.2017

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, sohaning yetakchi korxona va kompaniyalari, axborot texnologiyalari mutaxassislari, mobil operatorlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari vakillari, olimlar va jurnalistlar ishtirok etdi. 

    O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Sh.Qodirov va boshqalar mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini tashkil etish “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu bois yurtimizda mobil aloqa va raqamli televideniye tarmoqlari keng ko‘lamda rivojlantirilmoqda, optik tolali aloqa liniyalari yotqizilib, dasturiy ta’minot ixtirochilariga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda, “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirilayotir. 

    Mobil aloqadan foydalanuvchilar qamrovini kengaytirish, ushbu tarmoqlar hajmi va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish maqsadida barcha viloyatlarda 18,3 mingta tayanch stansiyalari o‘rnatildi. Bu borada qishloq aholisini sifatli mobil aloqa bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatlarda yana 450 dan ortiq 4G tayanch stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. 

    Tadbirda chekka hududlar aholisining keng polosali internetdan foydalanishini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Xususan, 2021-yilgacha uzunligi 270 ming kilometrdan ziyod optik-tolali aloqa liniyalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 

    Matbuot anjumanida raqamli televideniyeni yanada rivojlantirish natijalari va istiqbollari ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 95 foizi sifatli raqamli televideniyedan foydalanish imkoniyatiga ega. Ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy standartlar joriy qilinmoqda. 

    So‘nggi yillarda yurtimizda ma’lumot uzatish tezligi ikki barobardan oshdi, internetdan foydalanuvchilar soni ikki barobar ko‘payib, 14,7 million kishini tashkil etdi. Ushbu jarayonlar internet tarmog‘i milliy bo‘g‘inini rivojlantirib, ko‘plab yangi va foydali resurslar paydo bo‘lishiga xizmat qilayotir. Bugun UZ domeni zonasida ro‘yxatga olingan saytlar soni 32,5 mingga yetdi. Ayni paytda ta’lim, tibbiyot, san’atshunoslik va ma’rifiy sohalarga oid bilimni boyitishga xizmat qiladigan o‘ziga xos va foydali kontentga ega sayt va portallar soni ham ko‘paymoqda. 

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda yoshlar uchun ZiyoNetning “Start”, “Active” va “Life” tariflari doirasida foydali saytlar katalogini ishga tushirdi. Bu saytlar foydalanuvchilarga ikki mingdan ortiq xalqaro ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy manbalardan foydalanish imkonini beradi. 

    Tadbirda Interfaol davlat xizmatlari yagona portalining sinov rejimida ishga tushirilgan yangi ko‘rinishi imkoniyatlari namoyish etildi. Yuridik va jismoniy shaxslar uchun shaxsiy kabinet yaratish imkoniyatining mavjudligi portalning o‘ziga xos yangiligidir. Portal foydalanuvchining ma’lumotlarini tahlil qilib, uni kontent uchun yo‘naltiradi. Bu fuqarolarning murojaat va shikoyatlari bilan bog‘liq ishlarni taqsimlash, yangi interfaol xizmatlar yaratish imkonini beradi. 

    Matbuot anjumanida axborot texnologiyalari mutaxassislari va mobil operatorlar kompaniyalari vakillari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. 

     
    Roman Bondarchuk, O‘zA

    Manba: Axborot xizmati