Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Muhammad Al-Xorazmiy” nomidagi ixtisoslashgan maktabda uchrashuv.
    27.01.2020

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Umarov ishtirok etdi.
    U o‘z so‘zida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlamentga 2019 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasida tizim oldiga ulkan vazifalar qo‘ygani, raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etuvchi, ya’ni yagona davlat siyosatini olib boradigan yagona davlat organini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar berilganini ta’kidladi.
    O‘zbekiston Respublikasida “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish belgilab olinganini, bu yo‘nalishdagi ishlarni markazlashgan holda olib borish natijasida “Elektron hukumat” tizimi loyihalarini va davlat idoralarida axborot tizimlarini joriy etish jarayonlarini optimallashtirish va har tomonlama qulay axborot tizimlarini joriy qilish ko‘zda tutilganini ta’kidladi.Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki hududini kengaytirish va yangi infratuzilma ob’ektlari qurilishini boshlash maqsadida Texnopark konsepsiyasi ishlab chiqilib, Texnopark hududida 400 ming kv.m.dan ortiq ofis binolari, konferens zal, kovorking markazi, mehmonxona va boshka binolarni qurish bo‘yicha investorlarni joylashtirish hamda qurilish ishlari amalga oshiriladi.Buning natijasida dasturiy mahsulot ishlab chiquvchi mingdan ortiq yangi korxonalar tashkil etilishiga hamda 14 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishiladi.Ushbu yo‘nalishda Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida 2020 yil yakuniga qadar Texnoparkning hududiy filiallari tashkil etiladi.
    Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati, bu yerda iqtidorli o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Yig‘ilish ishtirokchilariga ushbu maktab haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanib borishi mazkur sohada xizmat qilishga qodir kadrlarni tayyorlash masalasini o‘ta dolzarb vazifaga aylantirdi. Mazkur maktabning tashkil qilinishi davrning ana shu da’vatiga javob bera oladigan kadrlarni yoshligidanoq tayyorlab borish, sohada yetuk hamda zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi.
    Maktabni tashkil etishdan asosiy maqsad - ulug‘ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, o‘rganish va tadqiq etish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarga aniq fanlarning yuksak cho‘qqilarini zabt etish, boshlang‘ich sinflardan boshlab o‘quvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorini aniqlash va ularning qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar bazasini yaratishdan iboratdir.
    Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib - axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda, matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur o‘zlashtirilishiga erishish, o‘quvchilarni dasturlash asoslari, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘nikmalarga ega qilish, axborot va media hamda intellektual madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirishdan iboratdir.
    Shuningdek, mazkur sohada yuqori mahoratga ega pedagoglarni va mutaxassislarni jalb qilgan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi maxsus maktabini yaratish, yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tuzish, ularning respublika hamda xalqaro fan olimpiadalarida muntazam va samarali ishtirokini ta’minlashni tashkil etish ham maktabning asosiy vazifalaridandir.
    Davra suhbatida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3- yo‘nalishi doirasida bu yerda qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Erkin va do‘stona ruhda o‘tgan davra suhbatida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Ushbu davra suhbati onlayn tarzda “O‘zbekiston-24” telekanali orqali efirga uzatildi.

    Manba: Axborot xizmati