UMS mobil operatori rebrending o‘tkazib, o‘z nomini Mobiuz deya o‘zgartirdi. Bu haqda bugun, 2 -dekabr kuni Toshkentda tashkil etilgan taqdimot marosimida e’lon qilindi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat .Sodiqov ishtirok etdi.
Taqdimot marosimida kompaniya bosh direktori Sobir Aripov so‘nggi yillarda ko‘p narsa o‘zgargani va UMS brendi ham o‘zini oqlamay qo‘yganini ma’lum qildi.
– 2018 yilda prezident qarori bilan bizning kompaniyamizga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida bir qator muhim vazifalar yuklatilgan edi. Bu esa bizni nafaqat mobil aloqa xizmatlari sohasida, balki boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, sifatli internet, tarmoqni to‘liq modernizatsiya qilish, hukumat aloqasini yo‘lga qo‘yish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini barpo etish, Elektron hukumatni rivojlantirishda ishtirok etishishimizni talab etadi. Buning uchun o‘zimizga beshta ustuvor vazifani belgilab oldik, — dedi kompaniya bosh direktori.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda yo‘l xaritasi va 2019-2021 yillarda rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Jizzax viloyatida ma’lumotlarni qayta ishlash markazini qurish hamda xalqaro internet kanaliga bevosita chiqish loyihalarini boshlash shular sirasiga kiradi.
Taqdimotda nafaqat nom o‘zgarayotgani qayd etildi, balki kompaniya rivojlanishning yangi bosqichini boshlayotgani aytib o‘tildi.
Manba: Axborot xizmati