eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • «MGovAward» - Davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish tanlovi targ‘iboti Urganchda o‘tkazildi
    07.11.2019

    Joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan «ICTWEEK UZBEKISTAN» AKT haftaligi doirasida O‘zbekistonda birinchi marotaba Davlat mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 100 000 AQSh dollarini tashkil etadigan respublika tanloviga start berilgan edi.

    Shu munosabat bilan tanlovni oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida keng ommalashtirish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda Toshkent shahridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park) direktorining Hindistonlik ekspert maslahatchisi-Djarayam Partasarti va IT Park xodimlari ishtirok etdilar.

    Seminarda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali, filial akademik litseyi, Urganch davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali talabalaridan iborat 200 nafarga yaqin yoshlar qatnashdilar.

    Seminar davomida dastlab Toshkent shahridagi IT-Park faoliyati va axborot texnologiyalari sohasida ta’lim olayotgan yoshlar uchun Texnoparkda yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

    Shundan so‘ng Eng yaxshi davlat mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha «MGovAward» tanlovining maqsadi, mazmun mohiyati, tanlov shartlari va boshqalar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi.

    Tadbir davra suhbati shaklida o‘tkazilib, unda ishtirok etayotgan yoshlar IT-Park faoliyati va tanlov to‘g‘risida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Tadbir yoshlarning to‘liq faolligi ostida, qizg‘in muhokama va savol-javoblarga boy tarzda yuqori saviyada o‘tkazildi.

    Tadbir davomida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali bilan samarali hamkorlik olib borayotgan hamda filial jamoasi va talabalariga o‘zining maslahatlarini berib kelayotgan IT-Park direktorining maslahatchisi-Djarayam Partasartiga TATU Urganch filiali faxriy professori unvoni tantanali topshirildi va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

    Manba: Axborot xizmati