eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Toshkent viloyatida uchta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochildi
    03.06.2019

    1-iyun kuni davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida Boʻka tumanida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilgan edi. 2-iyun kuni ushbu tashabbus davom ettirilib, birdaniga Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq, Oqqoʻrgʻon va Piskent tumanlarida ham Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarining ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi.

    Ushbu tadbirlarda jamoatchilik vakillari, tuman hokimliklari, xalq taʼlimi boshqarmalari mutasaddilari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxona, tashkilot hamda kompaniyalari vakillari va oʻquvchi yoshlar ishtirok etishdi. 

    Dastlabki manzil Oʻrtachirchiq tumanidagi 3-sonli umumtaʼlim maktabi boʻldi. Bu yerda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxonalari tomonidan uchta sinfxona mukammal taʼmirlanib, eng soʻnggi rusumdagi kompyuterlar bilan taʼminlandi. Maktabga optik tolali kabel tortilib, yuqori tezlikdagi internet tarmogʻigi ulandi. Tadbir ishtirokchilari informatika sinfi, kovorking xonasi va kutubxonada boʻlib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

    AKT vaziri Shuhrat Sodiqov maktab kutubxonasida oʻquvchilar bilan dildan suhbatlashdi. Vazir faqat puxta ilm bilan yuksak marralarga erishish mumkinligini, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishni taʼkidlab, Ucell kompaniyasi tomonidan mazkur maktabda axborot texnologiyalari vositasida elektron davomatni yuritish, oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirishi, maktabga kelib-ketishi nazoratini taʼminlaydigan, bu haqida ota-onalarni xabardor qiladigan elektron tizimni yaratish boʻyicha berilgan taklifini maʼlum qildi.

    Oqqoʻrgʻon tumanidagi Raqamli texnologiyalar oʻquv markazini ochilishida yoshlar bilan bir qatorda mahalla faollari, tuman hokimligi mutasaddilari ishtirok etdilar. Eʼtiborlisi, tumandagi 50 ta maktabning barchasi telefon aloqasi va internet xizmatlari bilan taʼminlangan. Tuman hokimi Farhod Omonov shunday oʻquv markazini yangi bunyod etilayotgan Yoshlar bogʻida ham tashkil etish taklifini berdi.

    Piskent tumani aholisi 97 mingdan oshadi, ularning 50 mingdan ziyodini yoshlar tashkil qiladi. Tumandagi 38 ta umumtaʼlim maktablarning hozircha 22 tasi telefon aloqasi va internet bilan taʼminlangan, qisqa muddatda qolgan maktablar ham global tarmoqqa ulanishi belgilangan. Tuman markazida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazining ochilishi piskentlik yoshlar uchun ayni muddao boʻldi. Ular bu yerda eng talabgir boʻlgan kasb-hunarlarni egallashlari mumkin. Markazning keng va shinam xonalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining soʻngi qurilma va uskunalari oʻrnatilgan, kompyuterlar tezkor internet tarmogʻiga ulangan.

    Markazlarning ochilishi oʻquvchi va yoshlar uchun haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Koʻzlari yonib turgan, dasturlashga qiziqayotgan, robototexnika, veb-dizayn sirlarini oʻzlashtirishga intilayotgan yoshlar uchun bu haqiqatda katta imkoniyat. Kamiga ushbu markazlarda oʻqib, olgan bilimlarini tuman va viloyat miqyosida oʻtakaziladigan tanlovlarda sinab, gʻolib boʻlgan yoshlarning ikki nafarini Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga test sinovlarisiz qabul qilinishi yanada katta imkoniyat. Albatta, buning uchun yoshlar qattiq bellashadilar, darslarni puxta oʻzlashtirishga intiladilar. Eng muhimi, axborot texnologiyalari olami sirlari bilan yaqindan tanishadilar, kelgusida ularning orasidan kuchli dasturchilar, veb-dizaynerlar, kibersport oʻyinchilari chiqishiga shubha yoʻq.

    Oldin internet-kafelarga kompyuter oʻyinlari oʻynaladigan oddiy markazlar sifatida qaralar edi, haqiqatan ham shunday qarash shakllangan edi. Prezident ilgari surgan 5 ta tashabbusning uchinchisi – aholi va yoshlarni kompyuter texnologiyalari hamda internetdan foydalanish koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan. Bu yoʻnalishda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazining ochilishi ana shu – kompyuter oʻynadigan joy, degan qarashni yoʻqqa chiqaradi. Sababi, bu zamonaviy Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarida eng kuchli oʻqituvchilar bilim berishi, kelgusida ularga markaz hududida uylar qurilishi, oʻquv vositalari ham eng soʻngilari ekanligi, eng kuchli bitiruvchining oliy oʻquv yurtiga kirishi uchun imkoniyat yaratilgani, bularning barchasi eng talabgir kasb-hunarlarni egallash uchun haqiqiy maʼnoda motivatsiya muhitini, raqobat maydonini yaratadi. Raqobatda, albatta, kuchlilar gʻolib boʻladi. Xullas, bu oddiy internet-kafelar emas, yoshlarni hayotda oʻz oʻrnilarini topishga yordam beradigan raqamli maskan boʻladi.

    Manba: Axborot xizmati