Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Vazirlikda Oracle kompaniyasi vitse-prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
    09.11.2018

    Kecha, 8-noyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Oracle kompaniyasi vitse-prezidenti Jovanna Sanjorji bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda vazirning birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov ishtirok etdi.

    Olimjon Umarov O‘zbekistonda Oracle kompaniyasining faoliyat doirasi kengayishiga, kompaniyaning mamlakatda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishdagi ishtiroki faollashuviga qiziqish mavjudligini bildirdi.

    Bugungi kunda «Elektron hukumat» tizimi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilgan. Ushbu tizim va ma’lumotlar bazalarini yaratishda Oracle kompaniyasi yechimlaridan ham foydalanilgan.

    Uchrashuvda Oracle kompaniyasi O‘zbekistondagi biznesini kengaytirishi uchun litsenziyalash siyosatini qayta ko‘rib chiqishi lozimligi bildirildi. Ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun «UZINFOCOM» yagona integratorini Oracle kompaniyasining vakolatli hamkori etib belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi hamda yagona integratorning maqsad va vazifalari haqida mehmonlarga batafsil ma’lumotlar berildi.

    Uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekistonda Oracle kompetensiya markazini tashkil qilish, AKT yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, ta’lim sohasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, biznes yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

    Oracle vitse-prezidenti Jovanna Sanjorji kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish va hamkorlikni jadallashtirish taklifidan mamnunligini bildirdi.

    Tomonlar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini aniq belgilab olish va shu asosida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

    Oracle kompaniyasi axborot texnologiyalari va korporativ dasturiy ta’minot yetkazib beruvchi dunyoning yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.  Kompaniya dasturiy ta’minot va biznes-ilovalarni (ERP va CRM-tizimlar) o‘zaro bog‘lovchi ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.  

    Korporatsiya bo‘linmalari dunyoning 145dan ortiq mamlakatlarida mavjud, shtab-kvartirasi AQShda, Kaliforniya shtatidagi Kremniy vodiysida joylashgan.

    Manba: Axborot xizmati