Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Innovatsiya markazi to‘g‘risidagi Nizomga kiritilgan o‘zgartishlar Normativ huquqiy hujjatlar portalida muhokamaga qo‘yildi
    12.03.2018

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilindi va 25 martga qadar muhokamaga qo‘yildi.

    O‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish uchun asoslar:

    - Markaz rezidentlaridan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda, ular asosiy faoliyatdan tashqari, dasturiy ta’minotdagi reklama, elektron tijorat va boshqa qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanishadi;

    - iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish aholining kompyuter savodxonligi darajasini oshirish masalasini dolzarblashtiradi;

    - Innovatsiya markazi to‘g‘risidagi Nizomda ba’zi nomuvofiqliklarning mavjudligi rezidentlarni ro‘yxatga olish va ularga imtiyozlar berish tartibini murakkablashtiradi.

    Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:

    - qo‘shimcha turdagi faoliyatni kiritish — faqat kompyuter savodxonligini oshirish yo‘nalishidagi «Boshqa toifalarga kiritilmagan ayrim ta’lim turlari». Bu rezidentlar uchun o‘z xizmat doirasini kengaytirish va ayni paytda taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanish imkon beradi;

    - Innovatsiya markaziga ariza berishda yuridik shaxs bilan bevosita aloqa qilish huquqini berish. Endilikda MUIC mutaxassislari hujjatlar (masalan, biznes-reja) yetarli darajada to‘ldirilmagan taqdirda, unga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tavsiyalar berishlari mumkin bo‘ladi. Mazkur o‘zgarish rezidentlik maqomini olish uchun talabgorlarning arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish va tezlashtirish imkonini beradi;

    - reklama va elektron tijoratni joriy etish hisobiga Innovatsiya markazi rezidenti shug‘ullanadigan qo‘shimcha faoliyat turlarini kengaytirish. Nizomning 23-bandida markaz rezidentlari moliyaviy bitimlar va ko‘chmas mulkdan daromad olish huquqiga ega bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. Rezidentlar va talabgorlar murojaatiga ko‘ra hamda saytlardagi reklama va elektron tijorat asosiy faoliyat bilan chambarchas bog‘liq ekani hisobga olinib, loyihada dasturiy mahsulotlarda reklama va elektron tijoratni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etiladi. Shu bilan birga, ushbu faoliyat turlaridan tushadigan daromadlar belgilangan tartibda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarga tortiladi.

    AKT vazirligi barcha rezidentlar va IT-sohasining rivojlantirilishidan manfaatdor shaxslarni loyiha muhokamasida faol qatnashishga chaqiradi.

    Manba: Axborot xizmati