Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Inha universiteti Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlari orasida 8-o‘rinni egalladi
    10.11.2017

    Inha universiteti “Joongang Daily” nashri tomonidan chop etilgan Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlari reytingida 10-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarildi. Reytingdan 189 ta universitet joy oldi.

    “Joongang Daily” nashrining universitetlar reytingi Janubiy Koreyalik oliy o‘quv yurtlari uchun boshqa xalqaro reytinglardan muhimroqdir va ular ushbu reytingdagi natijalarini muntazam yaxshilab borishga intiladilar.

    “Joongang Daily” nashrining universitetlar reytingini oxirgi 24 yil davomida har yili chop etib boradi. Reyting universitetlar faoliyatini tadqiqot, ta’lim, o‘quv yurti bitiruvchilarining ish bilan ta’minlash darajasi, fond faoliyati va boshqa ko‘rsatkichlar asosida baholaydi.

    Yangi “Joongang Daily” reytingida Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 182 ball bilan 8-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili universitet 177 ball bilan 10-pog‘onada edi.

    Ta’kidlash lozimki, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 2014 yildan beri ushbu reytingdagi natijasini yangilab kelmoqda. 2014 yilda “Joongang Daily” reytingida Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 14-o‘rinda bo‘lsa, 2015 yilda ta’lim muassassasi 13-o‘ringa ko‘tarildi. O‘tgan yili esa universitet 10-pog‘onani egalladi.

    Inha universiteti ko‘rsatkichlarning ko‘pida birinchi 10 talikda, yoki unga yaqin o‘rinlarda joylashdi. Misol uchun, oliy o‘quv yurti “Talabalarning o‘zlashtirishi” ko‘rsatkichi bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi. “Xodimlarni ishga olish uchun tavsiya qilinadigan universitet” va “Maktabni bitirgach, o‘qish uchun eng yaxshi universitet” bo‘yicha ko‘rsatkichlarda 6-o‘rinni egalladi.

    Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti O‘zbekistonda ham o‘zining yuqori sifatli dasturlarini taklif etmoqda. 2014-yilda Toshkent shahridagi Inha universiteti ochildi.

    Bugungi kunda Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) yoshlarga «Kompyuter va dasturiy injiniring» va «Logistika» yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini taklif etmoqda.

    Manba: Axborot xizmati