Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 18-22 sentabr kunlari "ICTWEEK-2017" haftaligi bo‘lib o‘tadi
    24.08.2017

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi O‘zbekiston IT-sohasining yirik an’anaviy voqeasi hisoblanadi. Haftalik o‘zida qator turli yo‘nalishlardagi tadbirlarni jam qilgani bilan ham ahamiyatli.

    Xalqaro tajribani tahlil qilish orqali jamiyat hayotiga innovatsiyalarni olib kirish, aholiga qulaylik yaratayotgan texnologiyalarni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes sohasini qo‘llab-quvvatlashda axborot texnologiyalaridan foydalanish tendensiyalarini o‘rganish haftalik bosh maqsadlari qatorida turadi. 

    Joriy yilning 18-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ICTWEEK-2017 haftaligi bu yil format va mazmun jihatdan avvalgi yillardan farq qiladi. Jumladan, bu yil tashkil qilinayotgan ko‘rgazma kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi IT-kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar eshiklarini ochib beradi. Ishtirokchilarga ko‘rgazma doirasida shartnomalar imzolash huquqi beriladi. Bu esa yangi ishlanma va dasturlarni amalda tatbiq etish, dasturiy ta’minot bozori rivoji uchun ayni muddao. Shuningdek, bu yil ko‘rgazmada ishtirok etuvchi yurtimiz aholisi nafaqat mahalliy, shuningdek jahon IT-sanoatining ilg‘or mahsulotlari bilan ham tanishadilar. 

    Bu yil haftalikni o‘tkazish jarayonidagi muhim yangiliklardan biri -- ko‘rgazmada ishtirok etish uchun stendlarni onlayn buyurtma qilish xizmati bo‘ldi, deyish mumkin. Buning uchun www.ictweek.uz saytidagi interaktiv xarita orqali ma’qul stendni tanlash va oldindan band qilish mumkin. 

    Shuningdek, ko‘rgazma formatiga ko‘ra ham noan’anaviy bo‘ladi. Aniqrog‘i, innovatsion! Ko‘rgazma pavilonlari orasida madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinadi. Jumladan, Cyber Games, startap loyihalar taqdimotlari, RoboKidz -- robotlar namoyishi, demozona -- yangi loyihalar namoyish etiladigan hudud, 3D-zallar, shu bilan birga, interaktiv o‘yinlar uchun bo‘limlar mavjud bo‘ladi. 

    Yana bir muhim ilg‘or jihat -- elektron ravishda ro‘yxatdan o‘tish tizimidir. Endi ishtirokchi avtomatlashgan tizim yordamida qatnashishni rejalashtirgan tadbirni hamda vaqtini elektron formatda avvaldan zahiraga olib qo‘yadi. 

    Bu yil ICTWEEK UZBEKISTAN-2017 haftaligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarning barchasi yagona manzilda bo‘lib o‘tadi. Bu o‘z navbatida, ishtirokchilarga o‘zini qiziqtirgan barcha dasturlarni o‘tkazib yubormaslik imkonini beradi. Shuningdek, «O‘zekspomarkaz» hududining qulay infratuzilmaga egaligi haftalikni yuqori darajada tashkil qilinishini ta’minlaydi. 

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan "Shartnomalar reyestrini ro‘yxatga olish va yuritish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomda «ICTWEEK UZBEKISTAN-2017» mobaynida shartnomalarni imzolash qoidalari belgilab berilgan. 

    Mazkur Nizomga ko‘ra, bu imtiyozdan O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik sub’ektlari foydalana oladilar. Bu yangilik milliy dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlaydi. 

    Shuningdek, aytib o‘tish joizki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar faqatgina mazkur ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan tuzilishi mumkin. 

    Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, ko‘rgazma doirasida axborot tizimlarini, resurslari va ma’lumotlar bazalarini hamda boshqa dasturiy ta’minot mahsulotlaridan foydalanish, ishlab chiqarish va bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi mumkin. Nizomda ham mazkur jihatlar alohida belgilab berilgan.

    Manba: Axborot xizmati