Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ko‘tarilgan savol va murojaatlariga javob berildi (brifing)
    02.04.2020

    Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda.

    Shundan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Matbuot xizmati rahbari Sherzod Axmatov bugun eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga javob berdi.
     

    1. Ma’ruzaning boshida ta’kidlaganidek, hozirgi kunda fuqarolarimiz va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 mart kuni qabul qilingan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qarori bo‘yicha eng ko‘p savollar va murojaatlar kelib tushgan.

    Shundan kelib chiqib, Vazirlik Matbuot xizmati rahbari ushbu savollarga javob berish bilan birga mazkur masalaga izoh berib aniqlik kiritdi.

    Respublikamiz aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 23 martda 176-son qarori qabul qilingan.

    Unga ko‘ra bir qator choralar amalga oshirilmoqda. Jumladan, respublikamizda 24 martdan boshlab fuqarolar tomonidan Internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

    Mazkur qarorga ko‘ra, litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari, ikki oy davomida simli telefon aloqasi (xalqaro telefon so‘zlashuvlardan va mobil aloqasidan tashqari) hamda Internet jahon axborot tarmog‘iga simli va simsiz ulanish xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda abonentlar tarmoqdan o‘chirilmasligi ta’minlanadi.

    Fuqarolarimizni Internet va simli telefon aloqasidan foydalanishda yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan rasmiy veb-sahifalarda, ommaviy SMS larni yuborish hamda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etib boriladi.

    Ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda respublikada uzluksiz aloqani ta’minlash va fuqarolarimizga imkoniyatlar yaratish maqsadida telekomunikatsiya operatorlari ham faol ishtirok etmoqda.

    Respublikamizda koronavirus (COVID-19) bo‘yicha karantin rejimi e’lon qilingan vaqtdan boshlab barcha telekommunikatsiya operatorlari umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uydan bemalol fanlarni o‘zlashtirish uchun ta’lim manbalarining veb-saytlarga bepul kirishni (dostupni) ta’minlab berdi.

    Fuqarolarimizni oxirgi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga eng ko‘p o‘qiydigan ommaviy axborot vositalarining manbalaridan bepul foydalanish imkoni taqdim etildi.

    Jamoatchilikni koronavirus (COVID-19) to‘g‘risida xabardor qilish va tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida rasmiy veb-sayti (http://coronavirus.uz/uz)ga kirishi ham bepul qilindi. Mazkur manbada fuqarolar koronavirus haqida va O‘zbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ob’ektiv va ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.

    O‘zbekistonda koronavirus masalasida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish uchun 16 martdan Toshkentda fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasi yuzasidan tug‘ilgan savollariga o‘z vaqtida javob olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi sall-markazining qisqa “1003” yagona raqami 24 soat davomida ishlab turishi ta’minlamoqda. Fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda bepul amalga oshirilmoqda.

    Bundan tashqari, karantin rejimi vaqtida barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda o‘z abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida yangi tariflarni va yangi xizmatlarni joriy qildi. Masalan, "O‘zbektelekom" aksiyadorlik kompaniyasi internet-to‘lovlarni amalga oshirishda yangi va qulay tizimni joriy etdi.

    Uztelecom milliy operatori yurtimiz aholisi uchun qulayliklar yaratish maqsadida, GSM standarti tarmog‘i abonentlari uchun 2020 yil 1 apreldan Oddiy 10 tarif rejasiga bepul ulanishni taklif qilgan holda, maxsus “Bahoriy taklif” aksiyasini taqdim etdi. UCELL™ kompaniyasi yangi xizmatlarni — o‘z abonentlarni masofaviy ravishda mobil aloqaga ulash hamda bepul o‘tkazish xizmatini yo‘lga qo‘ydi.

    Shuni alohida ta'kidlash kerakki, barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari asosiy vazifasini bajarishi, ya’ni jamiyatda kommunikatsiya jarayonlarini ta’minlashi bilan birga, aholiga hozirgi vaziyatda qulay sharoit yaratish uchun qator ishlarni amalga oshirayotgan ishlar bilan Vazirlik rasmiy veb-saytida yoritib boriladi.

    Fuqarolarimiz, barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi bu tarmoqning sifatli ishlashiga kafolat beradi.

    Fuqarolarimizga qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha chegirmalar va bonuslar berish, to‘lovlarni amalga oshirish muddatini uzaytirish hamda ushbu chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlarni veb-sahifalarimizda, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilib boramiz.


    2.Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash fonida ko‘plab yurtdoshlarimiz va qator jamoat tashkilotlari shaxsiy tashabbus ko‘rsatib, turli xayriya aksiyalarini uyushtirmoqda. Ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamiga muayyan turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Shu maqsadni amalga oshirish uchun yagona qisqa telefon raqamini tashkil etsa bo‘ladimi?

    Bugun jahon hamjamiyati uchun jiddiy muammoga aylangan koronavirus (COVID-19) pandemiyasiga qarshi mamlakatimizda qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

    Xabaringiz bor, 2020 yil 1 apreldan Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini joriy yilning 1 aprelidan e’tiboran vaqtincha to‘xtatish maqsadga muvofiqligi belgilanib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil qilindi.

    Markazda tadbirkorlar ko‘ngillilar hamda volontyorlarni shuningdek yoshi ulug‘ nochor ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning murojaatlarini qabul qilishni tashkil etish ushbu markazlarga tezlikda va qulay bog‘lanishlari uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “1197” qisqa raqami tashkil etildi.

    Aholi tomonidan barcha telefon aloqalari orqali mazkur raqamga murojaat qilishlari va kerakli ma’lumotlarni olishlari mumkin.


    3. Karantin rejimi vaqtida pochta orqali mahalliy pul o‘tkazmalari xizmati ishlamoqdami? Qanday tartibda ishlamoqda va bu bo‘yicha aholiga qanday imkoniyatlar yaratilmoqda ?

    Bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Pochta xizmati strategik ahamiyatga ega deb bemalol aytishimiz mumkin. Chunki, har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmagan, aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi.

    Shundan kelib chiqib aytishimiz kerakki, pochta orqali mahalliy pul o‘tkazmalari xizmati ishlamoqda. Ishlash bilan bir qatorda, karantin vaqtida pochta aloqasi orqali mahalliy pul o‘tkazmalari tariflari 50% gacha arzonlashtirildi. Ya’ni, "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyatning respublikamizning barcha hududlaridagi avtomatlashtirilgan pochta aloqasi ob’ektlari orqali yaqin insonlaringizga tez va oson tarzda elektron pul o‘tkazmalarini yuborishingiz mumkin. Maxsus aksiya 2020 yil 30 aprelgacha davom etadi.

    Aytib o‘tish kerakki, “O‘zbekiston pochtasi” AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan ularni xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda.


    4. “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari efirga berila boshlandi. Bu kanal respublikamizning barcha xududlarni qamrab olinganmi? Buxoro viloyatida muammolar borligi bo‘yicha ota-onalar tomonidan murojaatlar kelib tushmoqda. Shunga aniqlik kiritib berishingizni suraymiz.

    Barchamizga ma’lumki, 2020 yil 30 mart kuni 8.30 dan boshlab “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari efirga berila boshlandi.

    Bunda “Uzdigital TV”, kabel televideniye, IP-televideniye, Internet tarmoqlari mavjud hududlardagi aholi hamda signalni yer sun’iy yo‘ldoshi orqali qabul qiluvchi kam quvvatli teleuzatkichlar o‘rnatilgan uzoq va borish qiyin aholi punktlaridaga aholi mazkur telekanallarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

    Mazkur videodarslar quyidagi telekanallar orqali efirga uzatilmoqda.

    “Uzdigital TV” abonentlari uchun: National Geographic (1-4 sinf o‘quvchilari uchun), Eurosport (5-8 sinf o‘quvchilari uchun), Oxota i Rыbalka (9-11 sinf o‘quvchilari uchun) telekanallari o‘rniga;

    Kabel televideniye hamda IP-televideniye abonentlari uchun: National Geographic (1-4 sinf o‘quvchilari uchun), TVS kabel televideniye orqali va Travel va IP-televideniye orqali (5-8 sinf o‘quvchilari uchun), Fashion TV (9-11 sinf o‘quvchilari uchun) telekanallari o‘rniga uzatilmoqda;

    Uzoq va borish qiyin aholi punktlarida yashovchi abonentlari uchun — ochiq rejimda bepul asosda tarqatilayotgan 3 ta qo‘shimcha televizion kanallar orqali.

    2020 yil 30 mart kuni “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari efirga berila boshlagan birinchi kunida respublikamizning aholi kam yashaydigan ayrim xududlarida “Uzdigital TV”, kabel televideniye, IP-televideniye, Internet tarmoqlari qamrovi mavjud bo‘lmagan hududlardagi aholi punktlarida mazkur telekanallarni ko‘rishda muammolar yuzaga kelgani kuzatildi. Ushbu muamolar shu kuni tezlikda bartaraf etildi.

    Agarda Siz “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari uzatilishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qisqa ishonch telefoniga “1199” raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqiladi va muammolar hal qilinadi.


    5. Barcha operator va provayderlar tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini sifatli va uzluksiz taqdim etilishi bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilmoqda?

    Bugungi kunda,, operator va provayderlarning murojaatlarni qabul qiluvchi call-markazlarda jami 650 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritmoqda, texnik xizmat ko‘rsatish brigadalarida 1000 dan ortiq malakali mutaxassislar ishlamoqda, ular 300 dan ziyod avtotransport bilan hamda zarur texnika va himoya vositalari bilan ta’minlangan.

    Karantin davrida operator va provayderlar tomonidan yangi abonentlarni ulash ishlari to‘xtatilmagan. Mobil aloqa operatorlari tomonidan 300 tadan ortiq baza stansiyalar internet xizmatlarini ko‘rsatish uchun modernizatsiya qilindi.

    Karantin davrida foydalanuvchilar tomonidan internet trafikdan foydalanish xajmi sezilarli darajada ortayotgan holatda tarmoqning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.


    6. Respublika bo‘yicha karantinga joylashtirilayotgan ob’ektlar hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    Respublika bo‘yicha karantinga joylashtirilayotgan ob’ektlar hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlarini kuchaytirish, yangi qurilayotgan kasalxonalar hududlarida aloqa xizmatlarini tashkillashtirish choralari bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, jami 167 ta ob’ektlardan 129 ta ob’ekt simli, 56 tasi mobil telefon terminallari bilan jihozlandi.


    * * *

    Hozirgi kunda O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlar shulardan iborat.

    Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha beriladigan barcha savollar uchun Vazirlikning tunu-kun 24 soat ishlaydigan qisqa raqamli 1199 ishonch raqami ishlab turibdi. Fuqarolar mazkur raqam orqali bemalol murojaat qilishlari mumkin!

    Manba: Axborot xizmati