Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “O‘zbektelekom” AK Respublikamiz hududlarida keng polosali ulanishni rivojlantirish haqida ma’lumot berdi
    18.10.2019

    18-oktabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi butun O‘zbekiston bo‘ylab Internet tarmog‘iga keng polosali ulanishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi.

    Brifing davomida kompaniya mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda yuqori tezlikda keng polosali ulanishni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot namoyish qilindi. Taqdimotda yil davomida mazkur yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar, shuningdek 2020 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar bayon etildi.

    Brifing ishtirokchilarini “O‘zbektelekom” AK sotuvlar va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish boshqarma boshlig‘i Valixon Usmanov quyidagilarni bayon etdi: “Bugungi kunda kompaniyamiz aloqaning mis liniyalaridan optik liniyalariga o‘tkazish bo‘yicha faol tarzda ishlarni amalga oshirmoqda. Bu yil ilk marotaba aholi uchun 100 Mbit/s gacha tezlikdagi cheksiz Internet tarif rejalari ishga tushirildi.

    Kompaniya tomonidan keng polosali ulanishni rivojlantirishga qaratilgan juda muhim qadam tashlandi. 2019-yilning boshidan buyon “O‘zbektelekom” AK tomonidan aholi va ijtimoiy ob’ektlar uchun GPON texnologiyasidan foydalangan holda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun 10 mingdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi.

    Natijalar yaqqol sezilmoqda. Misol uchun, Speedtest Global Indexning 2019-yil iyul oyidagi reytingiga muvofiq, mamlakatimizda simli Internetning o‘rtacha tezligi 2018-yil iyul oyida 8,75 Mbit/s dan 2019-yil iyul oyida 19,91 Mbit/s gacha (Download/Yuklab olish) ko‘tarildi. Mamlakatimiz uchun keng polosali ulanish bo‘yicha o‘rtacha tezlikka erishish uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini tushunamiz”.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi “Obod qishloq” dasturini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zbektelekom” AK O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan aholi punktlarining telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar Rejasini bajarishda faol ishtirok etmoqda.

    “O‘zbektelekom” AK tomonidan O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 478 ta qishloq punktlari, mahallalar va qishloqlarning telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha barcha ishlar olib borilmoqda.

    Ayni vaqtda, yil boshidan buyon “O‘zbektelekom” AK tomonidan mamlakat bo‘ylab 10 000 km dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi. Faqatgina yilning birinchi yarmida ushbu dastur doirasida 1200 dan ortiq maxsus aloqa ustunlari o‘rnatildi, shuningdek telekommunikatsiya infratuzilmasi uskunalari to‘liq yangilandi.

    Abonentlarga qulaylik yaratish va aholini Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish xizmatlariga ulanishini osonlashtirish uchun “O‘zbektelekom” AK abonent uskunalarini bepul taqdim etish, shuningdek optik aloqa liniyalariga yangi ulanishda 100 metrgacha bepul kabellarni taqdim etish bo‘yicha maxsus aksiyalarni o‘tkazmoqda. Bu qishloq aholisini uchun telekommunikatsiya xizmatlariga ulanishning yangi texnologiyalariga o‘tishni sezilarli darajada osonlashtiradi. Brifingda kompaniyaning bugungi kunda amalga oshirayotgan yirik loyihalari haqida ham so‘z yuritildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentabrdagi 805-son qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitasining yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra quyidagi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan: “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini rivojlantirish”, “Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini kengaytirish”, “Sharqiy hududlarda “O‘zbektelekom” AK “UZMOBILE” milliy uyali aloqa operatorining keng polosali ulanish tarmog‘ini modernizatsiya qilish”, “Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini tashkil etish”, “DWDM transport tarmog‘ini kengaytirish”, “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filialining mobil aloqa qamrovi oshgan sari uskunalarga litsenziya resurslarini kengaytirish”.

    Xususan, “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish quyidagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan:

    O‘zbekiston Respublikasi hududlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini kengaytirish;

    NGN texnologiyasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan telekommunikatsiya tarmog‘ining foydalanuvchilar bazasi qismini kengaytirish;

    Optika bo‘yicha (optik kabellarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri abonent uyiga kiritish) ko‘plab foydalanuvchilarga Triple Play xizmatlarini taqdim etish imkoniyatiga ega ITU-T G.984 standartining GPON (Gigabit –capable Passive Optical Network) texnologiyasi bo‘yicha FTTx keng polosali ulanish optik tarmoqlarini qurish;

    Keng polosali xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish;

    Taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifati va hajmini oshirish.

    Ushbu loyihani amalga oshirish ta’lim muassasalarini “Elektron ta’lim” tizimiga ulash va barcha turdagi foydalanuvchilar uchun Internet tarmog‘ining elektron manbalariga (ta’lim, kutubxona, tibbiyot), elektron tijorat, elektron hujjat aylanish va boshqa manbalarga ulanishni ta’minlaydi;

    Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida 600 mingdan ziyod yangi abonent portlari o‘rnatiladi.

    Xususan, “NGN texnologiyasi bo‘yicha kommutatsiya uskunalirini kengaytirish” loyihasini amalga oshirish foydalanuvchilarga yuqori tezlikdagi Internetni belgilangan sifat darajalari bilan ta’minlashni, multimedia trafikni zamonaviy darajaga kommutatsiya qilish, tarmoqqa boshqa tashkilotlarni (operatorlarni) ulash va ularga keng doiradagi xizmatlarni taqdim etishni, shahar va shaharlararo trafikni kommutatsiya qilish, yo‘naltirish va tariflashni ta’minlashi lozim.

    Loyihani amalga oshirish natijasida 420 mingdan ortiq yangi abonent portlari o‘rnatiladi. 2020 yil yakuniga qadar barcha loyihalar bo‘yicha tizimlarni o‘rnatish va ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

    Brifing yakunida 2020 yilda “O‘zbektelekom” AK jismoniy shaxslarga 1 Gbit/s gacha tezlikdagi tarif rejalarini taqdim eta olishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi.

    Sentabr oyining yakunida ICTEXPO 2019 ko‘rgazmasida kompaniya stendida barchaga qayd etilgan liniyalar bo‘yicha gigabayt keng polosali ulanish imkoniyatlari namoyish etilgan edi.

    Manba: Axborot xizmati