Aloqa, axborotlashtirish sohasida raqamli texnologiyalarining joriy qilinishi har sohada, jumladan, telekommunikatsiyada ulkan yutuqlarga erishish imkonini bermoqda. Xususan, yangi texnologiyalarning joriy qilinishi natijasida an’anaviy televizion ko‘rsatuvlardan yangi, yanada sifatli bo‘lgan yerusti raqamli efir teleko‘rsatuvlariga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Yurtimizda ham 2007 yilda, MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib raqamli televideniyeni joriy etish ishlari boshlab yuborilgan. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasida raqamli televidiniyega o‘tish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2012 yil 17 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda ko‘rilgan qator chora-tadbirlar natijasida televideniye va radioning zamonaviy texnik bazasi yaratildi. Teleko‘rsatuvlarni tayyorlash va tarqatish jarayoniga zamonaviy televizion uskuna va mediatexnologiyalar muntazam joriy etilmoqda. Mazkur yutuqlar yurtimizda aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiluvchi raqamli telekanallar sonini oshishiga xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida mamlakatimizda raqamli televideniyega ikki bosqichda, ya’ni 2012-2015 va 2016-2017 yillarda o‘tish ko‘zda tutilgan. Yurtimiz hududini raqamli telekanallar signallari bilan qamrab olish 2013 yil oxiriga qadar 45 % ga yetkazilgan.
Mazkur raqamli telekanallarni raqamli signal qabul qilish qurilmasiga ega bo‘lmagan, oddiy televizor yoki an’anaviy antennalar yordamida tomosha qilish imkoniyati mavjud emas. Buning uchun televizoringizda raqamli signallarni qabul qiluvchi tyuner o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan televizorlarga bu qurilma ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘rnatilmoqda. Shuningdek, raqamli signallarni qabul qilishga mo‘ljallangan qurilmalar yurtimizda mahalliy korxonalar tomonidan ham ishlab chiqarilmoqda.